“Daryo” o‘tayotgan haftada mamlakat hayotida sodir bo‘lgan muhim voqealarni sharhlab o‘tadi.
Oxirgi yillarda ishlatilmay kelayotgan Tolimarjon gaz konidagi quduqlar qayta tiklanib, mahsulot qatlami ochildi va katta bosimda gaz chiqdi. Hozir kondan bir sutkada 250 ming kubmetr gaz olinyapti. Tolimarjon koni ham kiradigan Kultog‘-Qamashi investitsion blokida 69,3 mlrd kubmetr gaz zaxirasi bor. Bu O‘zbekiston bir yilda qazib oladigan gaz miqdoridan sal ko‘proqdir.
* * *
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning iste’fosini yurtimiz to‘g‘risidagi xabarlarga qo‘shdik, chunki eng yaqin qo‘shnilarimizda bo‘lgan katta o‘zgarish mamlakatimizda ham aks-sado berishi tabiiy. Xavfsizlik kengashi va “Nur Otan” partiyasi raisi lavozimini saqlab qolgan sobiq elboshi bilan Shavkat Mirziyoyev telefon orqali suhbatlashdi hamda unga kuch-quvvat tiladi.
* * *
Dunyoning eng qimmat va eng arzon shaharlari reytingi aniqlanadigan Worldwide Cost of Living hisobotida Toshkent eng arzon shaharlar orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu ro‘yxatda Toshkent yuqorisida Suriyaning Damashq, Venesuelaning Karakas shaharlari bo‘lsa, quyida Qozog‘istonning Olmaotasi joylashgandir.
* * *
Toshkentning Mirzo Ulug‘bek va Maxtumquli ko‘chalari kesishmasida balandligi 57 metr bo‘lgan O‘zbekiston bayrog‘i o‘rnatildi. Bu yerda “Navro‘z” nomli saylgoh ochildi va musiqali favvora ham ishga tushdi. Buxoro viloyati hokimligi binosi oldida balandligi 65 metrlik bayroq o‘rnatildi.
Ulkan bayroq o‘rnatish Markaziy Osiyo uchun so‘nggi yillarda odatga aylangan. Xodasining uzunligi 165 metr, matosining o‘lchami 60x30 metr va vazni 420 kilogramm bo‘lgan Tojikistondagi bayroq Ginnesning rekordlaridan o‘rin olgan.
* * *
Yurtimizda Navro‘zi olam keng nishonlandi. Humo Arena kompleksida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi. Shavkat Mirziyoyevni ham Si Szinpin, Nursulton Nazarboyev, Emomali Rahmon va boshqa davlatlar rahbarlari Navro‘z bilan qutladi. Bu kuni Namanganda yetti tonnali katta sumalak tayyorlandi. Boshqa viloyatlarda ham tantanali tadbirlar uyushtirildi. Toshkent viloyatida mahkuma ayollar uchun Navro‘z bayrami tashkil etildi.
21-mart kuni atoqli shoir Abdulla Oripovning 78 yilligi ham nishonlandi.
* * *
Ko‘plab marta ko‘rilgan, o‘qilgan va muhokama qilingan voqealardan biri Munisa Rizayevaning Qashqadaryo Chiyalidagi konserti bo‘ldi. Unda minglab muxlis qo‘shiqchining sahnasini o‘rab olganini ko‘rish mumkin. Xonanda xalqimizning san’atsevarligidan mamnunlik bildirgan. Ma’lum bo‘lishicha, badavlat chiyalliklar har mavsumda taniqli qo‘shiqchini olib kelib, hamqishloqlariga konsert uyushtirib beradi.
* * *
O‘tgan haftada partiya raisi va vazirliklar o‘rtasida sezilarli bahs kuzatildi. “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Sarvar Otamurodov tarbiyasi og‘ir bolalar uchun mo‘ljallangan to‘rtta maxsus maktabga borib vaziyatni o‘rgangach, “...kriminal bo‘lib yotibdi, davlat budjetidan ajratilgan pullar talon-toroj... Xulqi og‘ir bolalar uchun mo‘ljallangan maktablarda homilador qizlar bor” deya bayonot berdi. Ammo Xalq ta’limi vazirligi tanqidga kechiktirmay javob qaytardi. Javobda Otamurodov keltirgan ma’lumotlar qayd etilmagani, tarbiyalanuvchilarning homiladorligi haqida tarqatilgan noto‘g‘ri ma’lumotlar esa 11—14 yoshli qizlarni tahqirlayotgani keltirilgan. Partiya raisi o‘z chiqishida Madaniyat vazirligini ham tanqidga tutgan, Madaniyat vazirligi bunga “tosh otishning turli yo‘llari borligini biz ham bilamiz”, deb javob qaytargan.
Bundan tashqari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonovning tanqidiga Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakim javob qaytardi. “Agentlik rahbarining uyushma ishlayotganini ko‘rmayapman, deyishini men odob doirasida emas, deb bilaman”, dedi Sa’dulla Hakim.
Izoh (0)