O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tashabbusi bilan “Doctors Community Cup — Tashkent—2019” xalqaro musobaqasi o‘tkaziladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
25-mart, dushanba kuni musobaqaning tantanali ochilish va qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus va Ukraina jamoalari 2 ta guruhga bo‘lingan holda o‘zaro kurash olib boradi. Uchrashuvlar poytaxtdagi “Milliy ” va “Jar” stadionlarida soat 11:00 va 14:00da o‘tkaziladi.
29-mart kuni pley-off bahslari, 30 mart-kuni esa musobaqaning g‘olib va sovrindorlari aniqlanadi. Mazkur musobaqaning yopilish marosimi soat 17:00 da bo‘lib o‘tadi.
Musobaqa reglamentiga ko‘ra, o‘yinlarda 25 yoshdan katta bo‘lgan, mutaxassisligi va fuqaroligidan qat’i nazar, shifokorlik diplomiga ega bo‘lgan xodimlar ishtirok etadi. Musobaqada O‘zbekiston terma jamoasidan tashqari Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus, Ukraina terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Tadbir doirasida “Tibbiyot va sportda innovatsiyalar” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar ham o‘tkazilishi va unda tibbiyotning dolzarb masalalari bo‘yicha shifokorlarning o‘zaro tajriba va fikr almashishi ko‘zda tutilgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)