19-mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev prezidentlik lavozimidan iste’foga chiqqan Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev rahbarligida zamonaviy bozor iqtisodiyotiga ega davlat qurilgani, ko‘p millatli va ko‘p dinli mamlakatda tinchlik va barqarorlik ta’minlanganini ta’kidlagan. Bugungi kunda Qozog‘iston dunyodagi 50 ta rivojlangan davlatlardan biri sanaladi.
Uzoq yillik tarixda birinchi marta Qozog‘istonning mustaqil davlat sifatida xalqaro huquqiy tan olinishi ta’minlangani ham aytib o‘tilgan.
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidentiga mustahkam sog‘liq, kuch-quvvat va Qozog‘iston xalqiga xizmat qilish yo‘lida muvaffaqiyatlar tilagan.
Mamlakat rahbarlari ikki davlat va ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmatni yanada mustahkamlashga ishonch bildirgan.
Izoh (0)