Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov intervyulardan birida Jurnalistlar ijodiy uyushmasini tanqid ostiga olgan edi. Bugun “O‘zbekiston 24” radiokanalida Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakim to‘g‘ridan to‘g‘ri intervyuda ushbu tanqidga javob berdi, deb yozadi O‘zA.
“O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasini shaxsan men yaxshi ishlayapti, deb aytolmayman. U shunchaki mavjud, xolos. Media sohasidagi muammolarga yechim topishda bu instansiyaning roli yo‘q hisob”, — deya Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari uyushmani tanqid ostiga olgan edi.
Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakim bunday tanqid qilish odobdan emasligini aytib o‘tdi.
“O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi davlat tashkiloti emas, u jamoatchilik tashkiloti. Biz nizomimizga ko‘ra vakolatimiz doirasida faoliyat yuritamiz. Nizomdan cheklanishga haqqimiz yo‘q. Biz vakolatimiz doirasidan qo‘limizdan kelgan ishni qilyapmiz. Agentlik rahbarining uyushma ishlayotganini ko‘rmayapman, deyishini men odob doirasida emas, deb bilaman”, — deya javob berdi S. Hakimov.
Sa’dulla Hakimov bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri intervyu “O‘zbekiston 24” kanalida davom etmoqda.
Izoh (0)