Vazirlik faoliyati haqida keng jamoatchilikka muhim axborotlar berish, ularning huquqiy ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga qaratilgan “Ochiq adliya” (“Open Justice”) ijtimoiy dastur tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi “Daryo”ga xabar berdi.
Dastur loyihasi fuqarolarga quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi
Video va audio-yozuvga ruxsat beriladi
Adliya vazirligi e’tibordan chetda qolayotgan jihatlar, o‘z vazifasini lozim darajada bajarmayotgan xodimlarni aniqlash bo‘yicha jamoatchilik yordamidan foydalanishga qaror qilgan.
Shu maqsadda jismoniy va yuridik shaxslarning vakillariga adliya organlari binolarida audio-video yozish moslamalaridan foydalanishga ruxsat beradi. Notarial idoralar va davlat xizmatlari markazlari xodimlarining o‘z vazifalarini bajarishda yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklari ustidan internet orqali tezkor shikoyat berish tizimi yaratiladi, bunda xodimning aybi aniqlangan holatlar keng yoritib boriladi. O‘z vazifalarini lozim darajada bajara olmayotgan xodimlar reytingini shakllantirib, ularning malakasini oshirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda faol muloqotlar o‘tkaziladi
Keng muhokamaga sabab bo‘layotgan qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan berilgan huquqiy ekspertiza xulosasi mazmuni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiriladi.
Murojaat yuborish osonlashadi
Adliya vazirligi veb-saytida jismoniy va yuridik shaxslar adliya organlariga yuborilgan o‘z murojaatlarini kuzatib borishlari mumkin. Shuningdek, adliya organlari xodimlari ustidan berilgan hamda o‘z tasdig‘ini topgan shikoyatlar haqida ma’lumot olish imkonini beruvchi maxsus platformani ishga tushirish ham nazarda tutilmoqda.
Xodimlar bir-birini nazorat qiladi
Vazirlik o‘z binosidagi xonalarning joylashish strukturasini ham qayta ko‘rib chiqqan. Xodimlar keng maydonda bir birini bemalol kuzata oladigan darajada joylashtirilgan. Tashkilotga kelgan fuqarolar ham xodimlar qanday ish bilan band bo‘lishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkin. Sodda qilib aytganda devorlar va eshiklar endi shaffoflikni ta’minlaydi. Bu usul korrupsiyaviy omillarni ham olini oladi. Hozirda bu tartibdagi xonalardan dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida ham qo‘llanilmoqda.
“Ochiq eshiklar kuni”
Vazirlik faoliyati bilan yaqindan tanishishni istovchilar uchun vazirlik yana bir imkoniyatni taqdim etmoqda. Endilikda yiliga kamida 2 marotaba Adliya vazirligi markaziy apparatida, Davlat xizmatlari agentligida, adliya organlari va muassasalarida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari o‘tkaziladi.
Xarajatlar e’lon qilib boriladi
Bundan tashqari Adliya vazirligi va uning tarkibiy bo‘linmalarining moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar vazirlikning veb-saytida e’lon qilinadi. Bunda xarajatlar, ularni bajarilishi bilan bog‘liq hisobotlar, xarid qilish bilan bog‘liq shartnomalar ro‘yxati bilan tanishish mumkin bo‘ladi.
Adliya hisobot beradi
Mazkur tashabbus 2018-yil yakunlari bo‘yicha amalga oshirilgan va – “Adliya hisobot beradi” nomli risola tayyorlanib keng jamoatchilikka taqdim etilgan. Endi bu hisobot an’anaviy tarzda har yili taqdim etiladi.
Izoh (0)