Toshkent shahar Chilonzor tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimalari F.M. hamda N.S.lar o‘zaro til biriktirib, PK “Elektrhisob” elektron dasturi orqali tumanida yashovchi fuqarolar B.Asqarov va boshqalarning (jami 18 nafar) elektr energiya sarfi uchun to‘lagan jami 11 559 500 so‘m miqdoridagi pullarni boshqa hisob raqamlariga o‘tkazib talon-toroj qilgan. Bu haqda “Daryo”ga Majburiy ijro byurosining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Elektr ta’minot korxonasi xodimalari Adliya vazirligi 2010-yil 31-iyul kuni 2127-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Elektr energiya sotishni buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 44-bandiga zid ravishda iste’molchilar hisob raqamidagi pul mablag‘larini boshqa hisob raqamga o‘tkazgan.
Chilonzor tumani Majburiy ijro byurosining qayd etishicha, bu kabi holatlar ko‘pincha ayol xodimlar tomonidan sodir etilmoqda. Tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimalari F.M. va S.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “b” hamda “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)