Joriy yilning 15-mart kuni “Ozodlik” radiosining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida “Andijonlik tadbirkor hokimga qip-yalang‘och yechinish bilan norozilik bildirdi” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilindi. Unda 12-mart kuni Andijon viloyatining Asaka shahar markazidagi Najmiddin Kubro ko‘chasida joylashgan Paynet budkasini buzish talabi bilan Asaka shahar hokimi kelgan paytda do‘koncha egasi biznesini saqlab qolish uchun norozilik tariqasida qip-yalang‘och bo‘lib yechinib, yo‘lga yotib olgani haqida so‘z boradi.

Foto: Telegram

Ushbu maqola va kiyimsiz holatda yerda yotgan yigitning surati tarmoq foydalanuvchilari orasida qizg‘in bahs-munozaralarni keltirib chiqardi va bu hamon davom etmoqda. Ayrimlar hokimni qoralasa, ba’zilar yalang‘och holatdagi yigitga nisbatan salbiy fikrlarni bildiryapti. Hatto “Bu yigit sog‘lom emasdir”, degan mazmunda o‘z mulohazasini bayon qilganlar ham yo‘q emas. Mazkur holatga aniqlik kiritib, tadbirkor bilan suhbatlashish maqsadida “Daryo” muxbiri jurnalistik surishtiruv olib bordi.

“Ma’lumotlar yolg‘onligidan hayron bo‘ldim”

Surishtiruv boshida Najmiddin Kubro MFYga qarashli Amir Temur ko‘chasidagi Paynet budkasiga borib, u yerda fevral oyidan buyon ishlayotgan Boburbek Mirzayev ismli yigitni suhbatga tortdik:

— Ishonsangiz, bir necha kundan beri ko‘plab odamlar kelib, “Paynet’ingni oldida bir yigitni yechintiribsan. O‘zi nima bo‘ldi?”, deya turli savollar berishyapti. O‘zim internetga kam kiraman. Kuni kecha bir tanishim internetga chiqqan rasm va maqolani ko‘rsatdi. Ochig‘i, maqoladagi fikrlarni o‘qib, hayron bo‘ldim. Barchasi yolg‘on. Bu yerda ishlayotganimga bir yarim oy bo‘ldi. Biror marta hokimiyatdan kimdir kelib, budkani buzishimiz shartligini aytgani yo‘q. Hech kim bezovta qilmagan. Yalang‘och yechingan yigit kimligini bilmayman ham. Lekin uni o‘zi yechinganini ko‘rdim.

Yigit yechinib yotib olgan budka oldidagi joy.
Foto: “Daryo”

O‘sha kuni tushlikdan keyin u yigit mana bu to‘rt ko‘chaning o‘rtasiga quloqlarini qo‘llari bilan berkitib olib, o‘tirib oldi. Bir zumda mashinalar tirbandligi hosil bo‘ldi. Shu payt mazkur hududning ichki ishlar noziri Oybek aka Matiz’ida yigit oldiga kelib, to‘xtadi va unga bir nimalar deb gapirib, mashinasida do‘konim oldiga keldi. Men bu manzarani budkamdan chiqmagan holda kuzatganligim bois gaplarini eshitolmadim. Oybek aka mashinasidan tushmasidanoq ko‘cha o‘rtasida o‘tirgan yigit kiyimlarini yecha boshladi. Bundan men ham hayron bo‘ldim. Odamlar ko‘p edi. Ulug‘bek aka uni oldiga yugurib bordi va bir amallab yo‘l chetiga, ya’ni mashinasi oldiga olib keldi. Mashinaga solmoqchi bo‘ldi. Biroq u tinchlanmay, bunga ko‘nmay, yechinishda davom etib, yerga yotib oldi. Hech qancha vaqt o‘tmay, yana bir IIB xodimi mashinada tashrif buyurdi. Oybek akaning mashinasiga yigitni zo‘rg‘a solishdi va keyin uni qayergadir olib ketishdi. Qolgan narsadan bexabarman. Ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketgan rasmda Matiz’ni ham ko‘rish mumkin. O‘sha avtoulov Oybek akaniki edi. Kimdir ko‘chaning narigi yuzidan bu holatni rasmga olgan shekilli. Lekin nima bo‘lganda ham boshqa bir odamni asossiz gaplar bilan yechingan paytidagi suratini internetga chiqarib yuborish aqlga sig‘maydigan ish. Bu nafaqat Asaka, Andijon yoki O‘zbekiston, balki butun musulmonlar uchun ham uyatli manzara.

Foto: “Daryo”

“Ukam hech qanday tadbirkor emas”

Shundan so‘ng biz suratdagi yigit kim ekanligiga aniqlik kiritdik. U 1984-yilda Asaka shahrida tug‘ilgan (yigitning ismi tahririyatga ma’lum). Uning to‘ng‘ich opasi bilan suhbatlashdik:

— Biz umuman boshqa mahallada yashaymiz. O‘sha kuni ukam u taraflarga nima ish bo‘yicha borganini bilmayman. Ammo bu holat sodir bo‘lmasidan yarim soat avval gaplashganimda holati yaxshi edi. U 2014-yili ruhiy salomatligida muammo yuzaga kelgani tufayli viloyat psixonevrologiya shifoxonasida davolangan va ro‘yxatda turadi. Biz bu haqda mahalla-ko‘y, tanish-bilishlarga uyalib, oriyat ustun kelib, indamay yurgandik. O‘shanda shifokorlar ukamga asabiylashmaslikni, uni qattiq siqilishdan saqlashimizni, yo‘qsa yana kasali qiynashini aytishgandi. Ukam oilali va bir nafar qizi bor. Ammo kelinimiz bilan kelisholmaganligi uchun xotini vaqtincha ota-onasi bilan yashayotgandi. Shu kunlarda ularni uyimizga qaytarib olib kelish niyatida yurgandi. Balki shaxsiy hayotidagi ushbu holatlar bo‘yicha chuqur o‘y-fikrda bo‘lgani boismi, uni yana kasali bezovta qilgandir. Ukam hech qanday tadbirkor emas. Ayni paytda ishsiz. Unga aloqasi yo‘q ma’lumotlar va yechingan holatdagi rasmi internetga chiqib ketganini mahalla ichki ishlar noziridan eshitdim. To‘g‘risi, juda ham qattiq ranjidik. Internetda tuhmat xabarlar bilan ovoza qilgan insonlarga ham jazo bordir.

Ukam 15-martdan beri viloyat psixonevrologiya shifoxonasida statsionar tartibda davolanyapti. Holati yaxshilanyapti. Uning rasmi internetga chiqib ketganini o‘ziga aytmoqchi emasmiz. Negaki u bu paytda o‘zida bo‘lmagan. Ertaga tanish-bilishlar oldida yuzi shuvut bo‘lishini istamaymiz. Shu bois uning ismi-familiyasi, yashash manzilimizni sizlar ham yozmay qo‘yaveringlar iltimos.

“2014-yilidan beri nazoratda turadi”

Yechinib yerga yotib olgan yigit to‘g‘risida ma’lumot olish maqsadida Andijon viloyati psixonevrologiya dispanseri bosh vrachi Oybek Buvabekovga ham yuzlandik:

— U 2014-yildan beri dispanserimiz nazoratida turadi. U statsionar tartibda 2014-yilning 8-aprelidan 10-mayiga qadar davolangan. Unga bipolyar affektiv buzilish, gipomaniyaning joriy ko‘rinishi tashxisi qo‘yilgan. 2017-yilning iyul oyida ham 10 kun davolangan. Uning kasalligi ko‘rinishi bemorlarda kayfiyatning ko‘tarilib ketishi, ulug‘vorlik vasvasasi, harakatlarning noadekvatligi, uyqusizlik va o‘zi qilayotgan xatti-harakatlariga tanqid yo‘qolishi bilan kechadi. O‘zini-o‘zi nazoratga ololmaydi. Shifoxonamizga 15-mart kuni ruhiy holati qayta o‘zgarib qolganligi sabab yana davolanishga yotqizildi. Hozir u kechayu kunduz shifokorlar nazoratida.

Biz surishtiruv mobaynida Asaka tumani hokimi o‘rinbosari, Asaka shahar hokimi Xursandbek Yo‘ldoshevning ham ushbu holat yuzasidan fikrlarini olmoqchi bo‘ldik. Ammo u qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi.

Muallif:Mirolim Isajonov