Joriy yil yanvar—fevral oylarida O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 51 foizga ortdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasiga tayanib, Spot ma’lum qildi.

Foto: Spot

Ishlab chiqarilgan avtomobillar hajmi 38 642 tani tashkil etdi, 2018-yilning shu davrida esa 25 546 ta avtomobil ishlab chiqarilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yuk avtomobillari ishlab chiqarish hajmi ham ortib, 782 tani tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davrida esa 296 ta yuk avtomobili ishlab chiqarilgan.

Bundan tashqari, 194 ta avtobus ishlab chiqarildi, bu esa 2018-yilning mos davriga nisbatan 2,1 marta ko‘p.

O‘zbekiston avtomobillar eksportini keskin qisqartirgani sababli ishlab chiqarilgan deyarli barcha mashinalar mamlakatda qolmoqda. Jumladan, yanvarda xorijga atigi 200 ming dollarlik avtomobillar sotilgan. Bu 2018-yil yanvariga nisbatan 98 foizga kam.