Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.

Foto: UzNews

Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston prokuratura organlari tizimida quyidagilar tugatildi:

Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarining ikkita shtat birligi;

Bosh prokuraturaning Tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi;

Bosh prokuraturaning Prezident qarorlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari;

Bosh prokuraturaning Soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari;

soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilishga mas’ul Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosarlari, tumanlar (shaharlar) prokurorlarining o‘rinbosarlari va yordamchilari lavozimlari;

tumanlar (shaharlar) prokurorlarining tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga mas’ul o‘rinbosarlari hamda katta yordamchilari lavozimlari;

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tadbirkorlikni himoya qilish va tashqi iqtisodiy faoliyatdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘limi.

Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta tashkil etildi.

Prokuratura organlarining qisqartirilayotgan 1 198 ta shtat birliklaridan:

87 tasi — Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoniga;

470 tasi — Davlat soliq qo‘mitasi bo‘linmalariga yo‘naltiriladi.