Qashqadaryoda “Ittifoq ta’lim granti” loyihasi asosida 17 nafar talaba to‘lov-shartnoma pulining 50 foizi to‘lab beriladigan bo‘ldi. Bu haqda Qarshi shahridagi “Yoshlar markazi”da tashkil etilgan “Ittifoq ta’lim granti” loyihasi komissiyasining yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Foto: Ahror Sodiqov

Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi matbuot kotibi Ahror Sodiqovga ko‘ra, shartnoma pulining 50 foizi to‘lab berilayotgan 17 nafar talaba chin yetim, nogironligi bo‘lgan hamda mehribonlik uyida tarbiyalangan, boquvchisini yo‘qotgan talabalar bo‘lib, loyihadan ko‘zlangan maqsad ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Ma’lum bo‘lishicha, komissiyaga 19 nafar talaba hujjat topshirgan bo‘lib, talabalarning hujjatlari o‘rganib chiqilganda 2 nafar talabaning hujjatlari Nizom talablariga javob bermagani uchun rad etilgan.

— “Ittifoq ta’lim granti” loyihasi ko‘ngli yarim, o‘qish niyati yuqori, turmush tashvishi erta yelkasiga tushgan talabalar uchun katta rag‘bat bo‘ldi, — deydi Yoshlar ittifoqining viloyat Kengashi raisi, komissiya raisi Shomurod Sattorov. – Da’vogarlarni loyihaning Nizomi asosida adolatli va shaffoflik bilan saralab olishga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda aytilishicha, da’vogar talabalarning hujjatlari respublika komissiyasiga taqdim etilgach, joriy yilning 20-martiga qadar ularga to‘lov-shartnoma mablag‘larining 50 foizigacha bo‘lgan miqdori to‘lab beriladi.