Toshkent viloyatida ishlash istagini bildirgan tor doiradagi 100 nafar tibbiyot xodimi uy-joy bilan ta’minlanadi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Oliy toifali mutaxassis o‘z yo‘nalishi bo‘yicha viloyatning ehtiyoj mavjud bo‘lgan hududiga yuborilib, unga o‘sha hududda qurilayotgan arzon uy-joy ajratiladi va uyning boshlang‘ich to‘lovi mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.

Viloyat hokimi G‘ulomjon Ibragimov aholi sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishga to‘la haqli ekaniga e’tibor qaratib, bu borada viloyatda tor doiradagi tibbiyot mutaxassislariga ehtiyoj borligini qayd etgan.

“Tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari bilan muzokaralar olib boryapmiz. Agar mazkur ta’lim muassasalari bitiruvchilari viloyatga ishga kelsa, 100 nafariga uy-joyining boshlang‘ich to‘lovini to‘lab beramiz. Ayni paytda viloyatning tor doiradagi tibbiyot mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, xorijda mazkur yo‘nalishda tahsil olayotgan 10 nafar talabaning shartnoma puli to‘lab berilmoqda. Maqsad – ularni viloyatga olib kelish va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish”, – deydi viloyat hokimi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat tibbiyot muassasalarida qariyb 4 ming 700 shtat birligi mavjud bo‘lib, ayni paytda 860 dan ortiq ish o‘rinlari bo‘sh. Mavjud vakansiyaning 60 foizini tor doiradagi mutaxassislik tashkil etadi.