Toshkent axborot texnologiyalari universiteti O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Akademik innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi granti uchun o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Xabarda aytilishicha, universitetning “Toshkent axborot texnologiyalari universitetida AQSh magistraturasi ta’lim texnologiyalarini tatbiq etish” nomli loyihasi grantga sazovor bo‘lgan. Loyiha Amerika universitetlarida tahsil olayotgan magistrlarning ta’lim texnologiyalarini Toshkent axborot texnologiyalari universitetida joriy etishga qaratilgan.

Loyiha qiymati 140 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Bu mablag‘ hisobidan Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga yangi uskunalar xarid qilinadi, moliyaviy laboratoriya tashkil etiladi, magistrlar uchun multimedia o‘qitish dasturlari va masofaviy ta’lim tizimi joriy etiladi.

Akademik innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi grantlari uchun tanlov Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Jahon banki negizida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan loyiha doirasida o‘tkazilmoqda.