Shimoliy Koreya yadrolardan holi etish masalasi yuzasidan AQSh bilan muzokaralarni to‘xtatish qarorini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar berdi “TASS”.

Foto: Google Images

Bu haqda xorijiy davlat elchixonalari va jurnalistlar taklif etilgan Pxenyandagi matbuot anjumanida Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Soy Son Xi ma’lum qilgan.

“Biz qanday shaklda bo‘lsa ham Xanoydagi sammitda aytilgan AQSh talablariga yon bosish niyatida emasmiz. Qolaversa, muzokaralarni bunday shaklda olib borishni istamaymiz”, — deb ta’kidlagan Soy Son Xi.

TIV o‘rinbosarining ushbu chiqishi 28-fevral kuni Vyetnamda hech qanday kelishuvga erishilmagan Kim Chen In va Donald Tramp sammiti natijalari baholangan birinchi rasmiy bayonot bo‘ldi.

Soy Son Xining aytishicha, Xanoydagi muzokaralarning buzilishiga natijaga erishish istagi samimiy bo‘lmagan, o‘z siyosiy manfaatlarini ko‘zlagan AQSh sababchi bo‘lgan. Shimoliy Koreya delegatsiyasi muzokarani real takliflar kiritish bilan boshlagan. Amerika tomon esa Xanoy kelishuvi matniga “Shimoliy Koreya yadroviy ishlarini qayta boshlagan taqdirda sanksiyalar yana joriy etilishi sharti bilan sanksiyalar bekor qilinishi mumkin”, degan bandni kiritishni talab qilgan.

TIV o‘rinbosarining ta’kidlashicha, kengaytirilgan tartibda o‘tkazilgan uchrashuvda AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo va Milliy xavfsizlik bo‘yicha prezident yordamchisi Jon Bolton muzokarada dushmanlik va ishonchsizlik muhitini keltirib chiqargan va AQSh va Shimoliy Koreya yetakchilari o‘rtasida konstruktiv kelishuvlarga erishishga to‘sqinlik qilgan. Shu sababli sammit hech qanday natijalarsiz yakunlangan.

Soy Son Xinnnig so‘zlariga ko‘ra, Kim Chen In yaqin kunlarda rasmiy chiqish qilib, muvaffaqiyatsiz yakunlangan sammitdan so‘ng Shimoliy Koreyaning kelgusidagi harakatlari to‘g‘risidagi o‘z qarorini ma’lum qiladi.