“Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh Samarqandda bir “kutubxonachi opa”ni uchratdi va u bilan suhbat qurdi. Bu kishining faoliyati nimadan iborat, u nimasi bilan diqqatimizni tortdi, uning faoliyati jamiyatga qanday foyda keltiryapti — bu haqda quyida o‘qishingiz mumkin.

Opaga tasodifan Urgutdagi banklardan birida duch kelib qoldim. Qarasam, ikki qo‘lida turli kitoblar solingan ikkita og‘ir sumka. Oldiniga hayron bo‘ldim. Nima qilib yurgan bo‘lsa? Kitob sotarmikin? U bank operatorlari o‘tirgan zalga kirar ekan, oldida mijozi yo‘q operatorlardan birining oldiga bordi. Sumkasidan bir talay kitoblarni olib, stol ustiga qo‘ydi. Kitob jinnisi emasmanmi, darrov ularning oldiga yetib bordim.

Foto: “Daryo”

— Aka, yaxshimisiz? Marhamat, opadan kitob oling, ijaraga beradilar. Ijarasi qimmat emas, — dedi operator yigit meni ko‘rib. Kitoblarga qaradim-da, opaning vaqtini olmaslik uchun:

— Bo‘shaganingizdan keyin ozgina vaqt ajratsangiz, suhbatlashar edik, — dedim.

Opa rozi bo‘ldi. Birozdan keyin bo‘shab, oldimga keldi.

— Uka, vaqtim ziqroq, hali boshqa bir nechta idora va tashkilotlarga ham kirishim kerak, shunga sizga ko‘p vaqt ajrata olmayman, — dedi u.

Shundan so‘ng opa bilan gaplashib, u haqdagi ma’lumotlarni oldim. Bu ish bilan necha yildan beri shug‘ullanayotgani bilan qiziqdim.

Foto: “Daryo”

U kishining ism-sharifi Nodira Esanboyeva ekan. O‘zi Ishtixonning Orlot qishlog‘idan ekan. Urgutga har-har zamonda kitoblar olib kelib, turli tashkilot va idoralardagi mijozlariga ijaraga berar ekan. Ijara puli qat’iy belgilanmagan, 2–3 ta kitob olib qolganlardan nima berishsa, shuni olib ketaverar ekan.

— Yana qaysi tumanlarga borasiz?

— Samarqand viloyatidagi qariyb barcha tumanlarga boraman. Urgutga kelaman, Tayloq, Jomboy, Bulung‘ur, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot tumanlariga, shuningdek, Samarqand shahridagi turli idoralarda mijozlarim bor, o‘shalarga kitob olib boraman.

— Bunaqa qiynalib yurgandan ko‘ra bitta kutubxona ochsangiz yaxshi bo‘lmaydimi?

— Shunday qilsam ham bo‘ladi. Ammo men Ishtixon tumanida turaman. Uyimda kutubxona ochishga sharoitim yo‘q. Sharoitim bo‘lganda ham kutubxona tuman markazida, odamlar gavjum joyda bo‘lgani yaxshi. Aynan shu masalada Ishtixon tumanining markazida kutubxona ochishim uchun bo‘sh bir bino so‘rab murojaat qilmagan joyim qolmadi. Tuman hokimiyatidan, viloyat hokimiyatidan yordam so‘radim. Hatto Prezident portaliga ham yozdim. Natija bo‘lmadi. Hozirgi kunda Ishtixon shahridagi xususiy bir binoning ikkinchi qavatini ijaraga olib, kutubxonamni o‘sha yerda tashkil etganman. Kutubxonamda joy yetarli bo‘lgani uchun kitobxonlarning o‘tirib kitob o‘qishi uchun hamma sharoitni qilib qo‘yganman.

Foto: “Daryo”

Kitobni o‘sha yerda o‘tirib o‘qish bepul. Uyga olib ketaman deyishsa, har bir kitobning bir hafta-o‘n kunlik ijarasi uchun atigi ming so‘mdan olib qolaman. Hozir turgan joyim uchun oyiga 300 ming so‘m ijara beryapman. Kutubxonam haftada bir kun, chorshanba kuni ochiq bo‘ladi. Qolgan kunlari esa yopiq.

Nodira Esanboyeva kutubxonani haftada bir kun ochishini eshitib hayron bo‘ldim va nega bundayligi bilan qiziqdim.

Haftaning boshqa kunlari men boshqa tumanlariga kitob olib ketaman. Kutubxonaga qaraydigan odam yo‘q. Menga yordam beradigan hech kim yo‘q. Farzandlarim o‘qishda bo‘ladi. Bironta tanishimni ishga olay desam, qishlog‘imiz tuman markazidan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan va yo‘lkiraning o‘zi 10 ming so‘m bo‘ladi. Shuningdek, unga tushlik uchun ham pul berishim va albatta maosh to‘lashim kerak. Hozircha bu xarajatlarni qoplay olmayman. Tuman markazidan, kutubxonam yaqinidan yordamchi olay desam, ishonchli kishi topa olmayapman. Topganimda ham unga hozircha maosh to‘lay olmasam kerak.

Agar menga kutubxona uchun joy topib berishsa, hozir ijaraga to‘layotgan 300 ming so‘mni tejab, so‘ng uning yoniga ozroq qo‘shib, yordamchi olsam bo‘lar edi va shunda kutubxonamiz uzluksiz faoliyat yuritar edi.

Hozir meni qiynayotgan muammolardan yana biri avtoulov masalasidir. O‘zimning mashinam yo‘qligidan qiynalyapman. Bitta Damas yoki Labo bo‘lganida edi, ko‘chma kutubxonani rivojlantirish rejamda bor edi. Hozir esa mashinam yo‘qligi uchun, o‘zingiz ham ko‘ryapsiz, og‘ir kitoblarni sumkaga solib ko‘tarib yuribman. Yaqinda Prezidentning Namangan viloyatiga tashrifi davomida u kishiga “Bibliobus” namoyish etildi. O‘shanda yuragim orziqib ketdi. Xudo xohlasa, bitta mashina olsak, men faoliyatimni kengaytirib, nafaqat Samarqand viloyati, balki qo‘shni viloyatlar — Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro, Jizzax viloyatlariga ham kitob olib bora olardim. Aynan mashina olishimda yordam so‘rab tumanimizdagi bir nechta tadbirkorga murojaat qildim, ammo hech kim yordam berishni xohlamadi. Men ularga “mashina olib beringlar” deganim yo‘q, “qarzga mashina olib beringlar, sekin-sekin qarzimni uzaman” dedim. Lekin birontasi rozi bo‘lmadi. Xalqning kitob o‘qishi, kitobxon bo‘lishi hech kimga kerak emas shekilli.

Foto: “Daryo”

— Bu ish bilan necha yildan beri shug‘ullanasiz?

— O‘n besh yildan oshdi.

— Ishingizda daromad yaxshimi?

— Kitob ijarasi uchun oladigan pulim o‘zimning uyoq-buyoqlarga yurishim uchun yo‘lkiraga va tushlik pulimga zo‘rg‘a yetadi.

— Unda sizga nima kerak, shuncha sarson bo‘lib, sumkalarda og‘ir kitoblarni ko‘tarib uzoq tumanlarda yurish?

— O‘zim kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman, ko‘p kitob o‘qiganman. Shu bois boshqalar ham kitob o‘qishini xohlayman. Meni eng xursand qiladigan holat — men o‘qigan kitobni yana kimdir o‘qigan bo‘lsa va u bilan taassurotlarimni o‘rtoqlashsam, o‘sha kitobni o‘qigan boshqalarning taassurotlarini eshitsam. Kitob ko‘tarib yurib, tarqatib, odamlarga kitob o‘qishni, kitobxonlikni targ‘ib qilib yurishim ham aslida shu fe’limdan, kitob o‘qishga qiziqishimdan, boshqalar ham men o‘qigan kitoblarni o‘qishini judayam xohlaganimdan boshlangan.

* * *

Nodira Esanboyeva bilan ancha suhbatlashdim. Bir nechta o‘zim o‘qigan noyobroq kitoblar haqida so‘z ochsam, u ham o‘qigan bo‘lib chiqaverdi. Opaning dardi shu ish ortidan boylik orttirish emas, zero kitob ijaraga berish bilan shug‘ullanib boyib ketishning mutlaqo iloji yo‘q, bor-yo‘g‘i odamlarning kitob o‘qishini, kitob o‘qib bilimli bo‘lishini, dunyoqarashi keng bo‘lishini, ongi rivojlanishini xohlaydi xolos.

Foto: “Daryo”

Nodira Esanboyevaning “kutubxona uchun Ishtixon tumanining markazidan bitta bo‘sh bino va bittagina mashina bo‘lsa edi” degan gaplarini eshitib o‘ylab qoldim. Nahotki katta bir tumanda ma’rifatparvar opaning shu muammolarini hal qilib beradigan hech kim topilmasa?!

Nahotki tuman mutasaddilariga kitobxonlikni rag‘batlantirishning ahamiyati bo‘lmasa? Tadbirkor akalardachi, nahotki opaga bitta mashina olish uchun qarz berishning imkoniyati bo‘lmasa?

Uning fidoyiligi oldida lol qoldim. Agar shu kishi qo‘shni tumanlarga og‘ir sumkalarda kitob ko‘tarib yurmay, uyi oldidagi bozorga chiqib, u-bu narsa olib sotsa ham hozir topayotgan pulidan ko‘p pul topardi. Uning kitobga bo‘lgan muhabbati shu fidoyilikka yetaklayapti. Faqat kitobni jon-dilidan yaxshi ko‘radigan insongina bunday ish qila oladi.

Nodira Esanboyeva judayam ko‘p kitob o‘qigani gap-so‘zlaridan bilinib turibdi. To‘g‘ri, u ham kitoblarni ijaraga beradi. Lekin kitob ijarasi ortidan topayotgan arzimagan puli bilan farovon yashash haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Bu pul qo‘shni tumanlarga qilayotgan safarlariga yetsa ham katta gap. Opaning gap-so‘zidan ma’lum bo‘ldiki, kitoblar ijarasi ortidan topayotgan uch-to‘rt so‘m puli ro‘zg‘origa yetmaydi.

Foto: “Daryo”

Ochig‘i, hayotda turli odamlarni ko‘rdim. Bu dunyoga kelishidan maqsad faqat pul topish, uni ko‘paytirish, shu orqali farovon yashash bosh maqsadi bo‘lgan insonlar atrofimda ko‘p. Ularning aksariyatini kitob o‘qib, dunyoqarashini o‘zgartirish, hayotga faqat pul topish tarafdan emas, balki odamgarchilik, insoniylik tarafdan qarash degan narsalar mutlaqo qiziqtirmaydi. Men qarshimda o‘tirgan “kutubxonachi opa” haqida, uning arzimagan haq evaziga qilayotgan fidokorona mehnati haqida o‘ylar ekanman, dunyoni mana shu kishiga o‘xshash insonlar ushlab turganday tuyuladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.