Moskvada Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi banklararo hamkorlik bo‘yicha kichik komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Markaziy bank matbuot xizmati

Yig‘ilishda ikki mamlakat markaziy banklari, moliya va iqtisodiy rivojlantirish vazirliklari, banklari, shuningdek, O‘zbekiston valyuta birjasi va Moskva birjasi vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishga O‘zbekiston Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov va Rossiya Banki raisining birinchi o‘rinbosari Kseniya Yudayeva hamraislik qildi.

Anjuman chog‘ida tomonlar keng doiradagi, xususan banklararo hamkorlik, milliy to‘lov tizimlarini rivojlantirish, bank nazorati va ular faoliyatini tartibga solish, jumladan, transchegaraviy banklarni birgalikda nazorat qilish, moliyaviy ommaboplikni oshirish, xodimlar malakasini oshirish sohalariga tegishli masalalarni muhokama qildilar.

Yig‘ilish doirasida tomonlar bank nazorati sohasida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi markaziy banklari o‘rtasida bank nazorati borasida, shu jumladan transchegaraviy banklarni birgalikda nazorat qilishda qo‘llanilayotgan yondashuvlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish va yaqin hamkorlik o‘rnatish imkonini yaratadigan o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandum ishlab chiqishni kelishib oldi.

Foto: Markaziy bank matbuot xizmati

Rossiya va O‘zbekistonning to‘lov kartalari milliy tizimlarini tizimlararo integratsiyalash va to‘lov tizimlari sohasidagi yondashuvlarni tartibga solish va kuzatib borish (nazorat) bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim ishlab chiqishga kelishib olindi.

Tomonlar xodimlar malakasini oshirish sohasida Rossiya Markaziy banki va O‘zbekiston Markaziy banki o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi.

Foto: Markaziy bank matbuot xizmati

Yig‘ilish ishtirokchilar tomonidan ijobiy baholandi va mazkur tashabbus banklararo hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga sharoit yaratishini qayd etildi. Kichik komissiyaning navbatdagi majlisi Toshkentda bo‘lib o‘tadi.