Qozog‘iston Senatida “O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida energetika sohasida ba’zi masalalar bo‘yicha hamkorlik kelishuvini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida” qonun qabul qilindi. Bu haqda “Zona.kz” xabar berdi.

Foto: CA-News

“Bugun biz neft va gazni yetkazib berish va tranzit qilish bo‘yicha hamkorlikning muayyan darajasiga egamiz. Ushbu shartnoma, respublikalar o‘rtasidagi neft-gaz, neftgazkimyo va elektrenergetika sohasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va hamkorlikni rag‘batlantirish maqsadida imzolangan”, — deydi energetika vaziri o‘rinbosari Mahambet Dosmuhambetov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, neft sektorida O‘zbekistonning talabini qondirish uchun 2018-yilda 260 ming tonnadan ortiq mahsulot yetkazib berilgan.

“Qozog‘iston Kenkiyak—Qumkol neft quvuri orqali o‘z mablag‘lari hisobidan O‘zbekistonga neft yetkazib berishga tayyor”, — deydi vazir o‘rinbosari.