Atoqli o‘zbek olimi Naim Karimov tomonidan ilk o‘zbek fotosuratchisi va o‘zbek kinosi asoschisi Xudoybergan Devonovga bag‘ishlangan kitob-albom tuzildi. Bu haqda Islom Karimov fondi xabar berdi.

Foto: Islom Karimov fondi

Kitob o‘zbek va rus tillarida nashr etilib, undan Xudoybergan Devonovning noyob arxiv fotosuratlari joy olgan. Nashrda, shuningdek, O‘zbekistonda fotosurat va kinosan’atning paydo bo‘lish tarixi ham yoritiladi.

Xudoybergan Devonov 1879-yilda Xiva xonligida Xo‘jayli mulklari boshqaruvchisi bo‘lmish Nurmuhammad Devonov oilasida tug‘ilgan. U bolaligidan yaxshi savod olgan, arab tilini mukammal o‘rgangan, she’riyat, musiqa va bog‘dorchiliklarga qiziqqan. O‘sha yillar Xorazmda istiqomat qilgan nemis suratchisi Vilgelm Pennerdan fotosan’at saboqlarini olgan.

O‘zining ilk suratlarini X. Devonov 1890-yillarda yaratgan. Ularda paxta terimi, madrasa qurilishi, Navro‘z bayramini nishonlash manzaralari aks etgan. 1908-yilda Devonov ilk marotaba Xorazmning tarixiy obidalari, minoralari va masjidlarini kinokameraga suratga olgan. Aynan shu yil o‘zbek kinosi tug‘ilgan yil deb sanaladi.

1937-yilda Xudoybergan Devonov qatag‘on qilinib, 1940-yilda vafot etgan.

Hozirda Karimov fondi kitob-albomni nashrga tayyorlamoqda.