Bugun, 15-mart kuni Toshkent shahrida Humo Arena muz saroyi majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Ochilish marosimi oldidan majmua qurilishida ishtirok etgan “PI ARЕNA” va “Wind Rose” tashkilotlarining, sport jamoatchiligi, mahalliy va xorijiy OAVlar vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Humo Arena” ko‘p tarmoqli muz arenasi (12 500 o‘rinli) bo‘lib, kichik mashq arenasi (200 o‘rinli), mashq zallari, sport muzeyi va boshqa ko‘plab obyektlardan iborat majmuadir.

O‘zbekistonda ilk marta bunyod etilgan mazkur nufuzli inshoot qishki sport musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni jahon talablari darajasida o‘tkazilishini ta’minlaydi, mamlakatimizda yirik xokkey va boshqa sport musobaqalarini o‘tkazish imkonini beradi.

Mazkur tadbirni yoritish uchun mahalliy va Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Rossiya, Ozarbayjon kabi xorijiy davlatlar OAVlarining 300 ga yaqin vakillari va blogerlar taklif etilgan. Tadbirga jami bo‘lib 6 000 mingdan ortiq mehmonlar taklif etilgan.

Tadbir konsepsiyasini tayyorlash va uni ro‘yobga chiqarishni ta’minlash O‘zbekistonning “DRC events companys”iga va tantanali marosimlar va sport tadbirlarini tashkillashtirish bo‘yicha dunyoda katta tajribaga ega bo‘lgan “E-Elements Entertainment” (Germaniya) kompaniyasi mutaxassislariga topshirildi.

Tantanali ochilish marosimining bosh rejissyori Xans Kristof Myuyeke hisoblanadi. U va uning jamoasi tomonidan Shvetsiyada bo‘lib o‘tgan Yevropa xokkey chempionlar ligasining finali, Taypeyda o‘tkazilgan 29-chi Jahon yozgi universiadasining ochilish va yopilish marosimlari, Turkiyaning Mersin shahrida bo‘lib o‘tgan O‘rta Yer dengizi o‘yinlarining ochilish va yopilish tantanalari, Germaniyaning Berlin shahrida Yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatining tungi nur shousi, Qatarda o‘tkazilgan tennis bo‘yicha jahon chempionatining ochilishi hamda Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha o‘smirlar chempionatining ochilish marosimi va boshqa ko‘plab yirik tadbirlar tashkillashtirilgan.

Rejissyor Konrad Kushel va uning yordamchilari Folker Xagen va Xennig Shleter tomonidan sahna va muzdagi barcha namoyishlar mazmuni rejissurasi yagona garmonik harakatlarga uyg‘unlashtirilgan.

Loyihaning bosh prodyuseri yosh, tajribali va iqtidorli mutaxassis, Badiiy akademiya a’zosi, nafaqat mamlakatda, balki Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Chexiya, Italiya va boshqa davlatlarda o‘tkazilgan yirik ko‘rgazmalarni tashkillashtirishda ishtirok etib, bu borada katta tajribaga to‘plagan Murod Ibrohimovdir.

Tantanali ochilish marosimining ssenariysi o‘zbekistonlik mutaxassis Baxtiyor Irmatov tomonidan tayyorlangan bo‘lib, u mamlakatimiz ijodiy jamoalari va sport maktablarida o‘tkazilgan ko‘plab tadbirlarda koordinator sifatida ishtirok etgan. Shuningdek, u dunyoning 30 ga yaqin davlatida o‘tkazilgan ko‘rgazma, ekspozitsiya va taqdimotlarda mamlakatimizni taqdim etgan.

3D animatsiyalari ishlanmasi va nur effektlari germaniyalik dizayner Tomas Myuller tomonidan O‘zbekistonning “Voyager films” kompaniyasi bilan uzviy hamkorlikda tayyorlangan. Bu mutaxassis O‘zbekistonda ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lib, Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining nur shousi va mepping tasvirlari bo‘yicha namoyishchisi hisoblanadi.

Tabdirga o‘zbekistonlik san’at yulduzlari hamda rossiyalik taniqli san’atkorlar Filipp Kirkorov, Nikolay Baskov va Dima Bilanlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakun yasaladi.

Sahna namoyishlarini ijro etishda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha oliy sport maktabi, O‘zbekiston figurali uchish uyushmasi, Muz xokkeyi fideratsiyasi, xokkey bo‘yicha birinchi O‘zbekiston chempionatining ishtirokchilari – “Binokor”, “Humo”, “Semurg‘” va “Toshkent” klublari, gimnastika, qilichbozlik, kurash, dzyudo federatsiyalari, O‘zbekiston Madaniyat ishlari vazirligi huzuridagi davlat filarmoniyasi vakillari qatnashadi.