Farg‘ona viloyatidagi ta’lim maskanlarida korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish borasida aniq chora-tadbirlar belgilab olingan. Shunday bo‘lsa-da, ta’lim sohasida ham noxush holatlar kuzatilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha Oltiariq sudi tomonidan o‘tgan yilda umumta’lim maktablarining 2 nafar rahbariga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, ularga tegishli jazo belgilandi.

Tumandagi 5-umumta’lim maktabi direktori G.G‘. fuqaro Sh.A. ga Farg‘ona davlat universitetida ochilgan boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishining maxsus sirtqi bo‘limiga hujjatlarni topshirish uchun tavsifnoma yozib berish evaziga ta’magirlik yo‘li bilan uchun 300 ming so‘m pul talab qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda maktab direktori mazkur pullarni olayotgan vaqtda daliliy ashyo bilan ushlangan. Sud hukmi bilan unga qonun doirasida jazo tayinlandi.

Shuningdek, 29-umumta’lim maktab direktori kutubxonachi vazifasiga ishga qabul qilish uchun 100 dollar pora so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltiariq tuman sudi tomonidan 34-umumta’lim maktabida tumandagi maktab direktorlari hamda o‘qituvchilar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazilib, korrupsiyaga qarshi kurash, ta’lim sohasida yuqoridagi kabi ta’magirlik holatlarini oldini olish masalalari muhokama etildi.