2018-yilda Rossiyadan O‘zbekistonga 4 milliard dollar pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan, deya xabar beradi Spot.

Foto: Spot

Ushbu ko‘rsatkichga ko‘ra, O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni (ikkinchi o‘rinda Tojikiston—2,5 milliard dollar) qolgan barcha mamlakatlar o‘rtasida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi (Shveysariya 9,1 milliard dollar bilan birinchi).

O‘zbekistonga jo‘natilgan pul miqdori o‘rtacha 366 dollarni tashkil etgan. Jami 4 milliard dollardan faqat 1,1 milliard dollari Rossiya Federatsiyasi fuqarolari tomonidan jo‘natilgan, qolgan 2,9 million dollari norezidentlar tomonidan (O‘zbekiston va qo‘shni davlat fuqarolari).

2018-yilda Rossiyaga O‘zbekistondan deyarli 10 barobar kam — 397 million dollar pul jo‘natilgan, bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi (Qirg‘iziston, Armaniston va Qozog‘istondan keyin). Rossiyaga bir marta yuborilgan o‘rtacha pul miqdori 943 dollarni tashkil etgan.

Avvalgi yillar bilan taqqoslaganda, Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari miqdori ortib borayotganini ko‘rish mumkin — 2017-yilda 3,9 milliard dollar, 2016-yilda — 2,7 milliard dollar, 2015-yilda — 3 milliard dollar. Eng ko‘p pul jo‘natmalari 2014-yilda amalga oshirilgan va 5,6 milliard dollarni tashkil qilgan.