“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev Samarqanddagi maktab-internatidagi dahshatlar qanchalik haqiqatga yaqin ekanligi yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib bormoqda. Xususan, Samarqanddagi 64-ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internati tarbiyalanuvchisi Suhrob Omonov Shuhrat Sadinov ishi oldindan rejalashtirilganligini haqida gapirib bergan edi.

“Daryo” muxbiri olib borayotgan jurnalistik surishtiruv jarayonida sobiq direktor Shuhrat Sadinov, tarbiyachilar Sherzod Ochilov va Zuxriddin Salimovning birinchi instansiya va apellyatsiya sudida ishtirok etib guvohlik bergan maktab-internatining tarbiyalanuvchisi Bobur Karimov sudda yolg‘on ko‘rsatma berganligini tan oldi.

Kadr: YouTube / MySamarkand TV

– Sayyora Mansurovaning ko‘rsatmasi asosida apellyatsiya sudida yolg‘on guvohlik berdim. Sudyaga haqiqatni aytsam himoya qilasizlarmi dedim. So‘ng ular menga nos yuttirganligi, urganligi to‘g‘risida ko‘rsatma berib, sudda guvohlik berayotganlarni pora olganligi, ular yolg‘on gapirayotganligini aytdim. Sudga chaqirgansizlar, ammo meni jo‘natmay olib qolishdi, deb sudyani chalg‘itdim, — deydi Bobur Karimov.

O‘z fikriga ega bo‘lmagan Bobur Karimov Sayyora Mansurova bergan topshiriq asosida sudda guvohlik bergan. Shuhrat Sadinov bilan bog‘liq voqealar sodir bo‘lganida u ta’tilda o‘z uyida bo‘lgan.

– Men ta’tilda edim. Ta’tildan kelganimdan so‘ng shu ishlar bo‘lgan ekan. Men bu ishga o‘zim bilmagan holda qandaydir aralashib qoldim. Men birinchi guruhning komandiri edim. Birinchi instansiya sudi paytida Sayyora Mansurova menga yig‘lab keldi. Ular menga nimaga tuhmat qilishyapti, Behruzni men unday qilmaganmanku deb yig‘ladi, — deydi Bobur Karimov. – Yig‘laganidan keyin meni ko‘nglim bo‘shab qoldi. Keyin ”Men sizga yordam beraman” dedim. Shunday deganimdan so‘ng “Sen Shuhrat Sadinovni yomonlaysan” dedi. Men “Faqat Shuhrat Sadinovning o‘zini ayblayman lekin boshqasini aytmayman” dedim. Keyin Sayyora muallimga bir nechta tarbiyalachilarni nomini aytdim.

Sayyora Mansurovaning ko‘rsatmasi asosida, Bobur Karimov sudyaga maktab-internatining o‘qituvchisi Mashhura ismli o‘qituvchisi telefon orqali advokat bilan gaplashtirganligini aytgan. Uning oldida Nazira ismli o‘qituvchi bo‘lgan deb qo‘shimcha qilgan. Shuningdek, Jo‘rabek ismli tarbiyachi kechqurun narsa olib kelayotgani, bolalarga pul berayotganligini qo‘shimcha qilgan.

– Aslida men hech kim bilan gaplashmaganman. Hech kim menga narsa olib bermagan. Sudga boradigan kunimiz mening ism-familyam kelmagan ekan. Keyin Sayyora Mansurova direktor o‘rinbosariga po‘pisa qilib, “Siz bolani ataylab olib qolyapsiz” dedi. Men sudga bormadim, — deydi Bobur Karimov. – Sayyora Mansurova sudda ishtirok etishim uchun Muhammad O‘ktamovga sudyadan meni chaqirtirishni so‘rashi kerakligini aytdi. Sayyora opaning ko‘rsatmasi asosida sudyadan o‘zimni himoyaga olishini so‘radim. Sudga meni chaqirishganda yolg‘on gaplarni aytdim. “Agar aytmasang seni keyingi ishlaringda yomon bo‘ladi” dedi.

Bobur Karimovning aytishicha, aslida bu ishlar bo‘lmagandi. Maktab-internatidagi Mashhura ismli o‘qituvchi hech kim bilan telefonda gaplashtirmagan. Jo‘rabek ismli tarbiyachi hech kimga pul bermagan. Sayyora Mansurova uni ko‘nglini bo‘shatib, psixologik ta’kir o‘tkazganligi uchun uni gaplariga ishona boshlagan.

– Yozda bu ishlar bo‘lganidan keyin Ma’ruf ismli tarbiyachining smenasida Suhrob Omonov meni mazam yo‘q dedi. Sayyora Mansurova unga bitta dori berdida. U dorini ichganidan keyin Suhrob Omonovning tobi qochib qoldi. Keyin Ma’ruf aka tez yordam mashinasida uni shifoxonaga olib bordi, — deydi Bobur Karimov. – O‘shanda Sayyora Mansurova Suhrob Omonovga qandaydir dori berib uning tobini qochirdi. Elmurod Mirzayevning onasiga gap o‘rgatib Shuhrat Sadinovni yomonladi. Behruz Jumaqulovning otasi Shuhrat Sadinovning o‘g‘illaridan pul olyapti, deb bizni fikrimizni buzib tashladi. Shundan so‘ng Sayyora muallimning aytganini qilib, u aytgan bolalarning hammasini sudga qo‘shib tashladik.

– Sudga kirishimdan avval menga gap o‘rgatdi. Sen sudga borganingda birinchi sudyadan o‘zingni himoyaga olishini so‘raysan dedi. Men bunday qilolmayman dedim. Agar hozir qilmasang keyin internatda seni tavsifnomalaring va shahodotnomalaringni qoniqarsiz qilib beradi. Sen Baxtga (Baxt shahrida xuddi shunday voyaga yetmagan bolalar kollejji bor) ketib qolishing mumkin deb meni qo‘rqitdi, — deydi Bobur Karimov. – Menga hamma gaplarni Sayyora Mansurova o‘rgatgan. Biz maktab internatidagi kamera oldida gaplashib turganimizda ham Shuhrat Sadinovga qarshi ko‘rsatma berishimni aytgan. Birinchi guruh ham guvoh edi o‘sha paytda gaplashayotganimizda. O‘shanda sudda borganimda nima deyishim kerakligini aytayotgan edi.

Bobur Karimovning ma’lum qilishicha, Sayyora Mansurova davlat tomonidan himoyaga olingan vaqtda Boburning Bolalar uyida qanday yurgani, ahvoli va sog‘lig‘i qanday ekanligidan xabardor bo‘lib yurgan. Mansurova Bolalar uyidagi oshxonachi qarindoshi bo‘lishini aytgan.

– Mendan qachon ketasan deb so‘radi. Yaqinda ketaman dedim. Sen ketma, ular meni ustimdan yozmoqchi. Sen menga kerak bo‘lasan, dedi. 9-sinf o‘quvchilarini yig‘ishim kerak. O‘shalar bilan birgalashib menga yordam berasan, dedi. Omonov Suhrobning gaplari yolg‘on deb aytasan, deb gap o‘rgatdi, — deydi Bobur Karimov. – Men boshqa bunaqa ishlarga aralashmayman deb aytdim. Sayyora Mansurova Elmurod Mirzayevni telefon orqali rasmga tushirib internetga chiqargan. “Tixiy chas” payti bolalar uxlab yotganda kelib, rasmga tushirib ketardi.

Bir oy davomida davlat himoyasida turgan Bobur Karimov bu vaqt oralig‘ida hamma voqelikni atroflicha tahlil qilib, oxiri pushaymon bo‘lib to‘g‘risini aytishga ahd qilgan.

– Shuncha odamga tuhmat qilib qo‘ydim. “Detskiy priyomnik”da ham bir oy o‘zimga o‘zim ko‘nglim xijil bo‘ldi. Odamlar qarg‘aydi, qarg‘ish uradi, deb to‘g‘risini aytishga ahd qildim. Sayyora Mansurova bilan endi gaplashmayman. Iloji bo‘lsa internatdan chiqib o‘qimoqchiman. Niyatim shu boshqa hech kimni gapiga kirmayman. Eng asosiysi, advokatga katta tuhmat qilib qo‘ydim. Nimaiki qilgan bo‘lsam kechirim so‘rayman. Boshqa bunaqa ish qilmayman. Men hammasini sudyaga ayta olaman. Bu hammasi Sayyora Mansurovaning buyrug‘i va ko‘rsatmasi asosida amalga oshirilgan edi. Meni kechirishingizni so‘rayman, — deydi Bobur Karimov.

Bobur Karimovning apellyatsiya sudida aytgan yolg‘on ko‘rsatmasi sababli Shuhrat Sadinovning advokatiga jinoyat ishi ochish to‘g‘risida sud hukm chiqargan edi.

Muallif:Farhod Norbo‘tayev