O‘zbekiston qadim madaniyat va ma’rifat markazlaridan biri ekanini tasdiqlovchi mezonlardan biri buyuk allomalar ta’lim olgan maskanlar ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissada namoyon bo‘lgani bilan asoslanadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojidagi islohotlar strategiyasi ta’lim tarixini o‘rganishga oid yangi talablarni o‘rtaga qo‘ymoqda, deb yozadi O‘zA.
Bu borada Samarqand davlat universiteti rektorining Rustam Xolmurodov taklifi o‘zining tarixiy va mantiqiy asosga ega ekani bilan ajralib turadi. U uzoq o‘tmishda ta’lim tizimida bo‘lgan o‘zgarishlarni inkor etmay, mamlakatda ta’lim rivojining tarixiy bosqichlarini o‘zaro bog‘liq holda talqin etgan. Maqolada O‘zbekiston va islom mamlakatlarida faoliyat olib borgan dastlabki ta’lim maskanlari – madrasalar, Yevropa davlatlaridagi universitetlar xizmati hurmat bilan e’tirof etiladi. Sharq, xususan, O‘rta Osiyodagi oliy ta’lim instituti – madrasalarning hozirgi davr universitetlari ta’lim tizimidagi o‘zaro o‘xshashlik tomonlarini e’tirof etgan holda, Samarqand davlat universitet yoshini 1420-yil bilan boshlash, 2020-yilda uning 600 yilligini nishonlashni taklif etadi.
Muallif “Samarqand universiteti qachon tashkil topgan?” maqolasida ushbu bilim dargohining yoshini Ulug‘bek madrasasida ta’lim jarayoni boshlangan 1420-yildan boshlash kerak, degan taklifni juda to‘g‘ri va ilmiy asoslagan. Bu fikrni XX asrdagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin Samarqand pedagogika instituti o‘qituvchilari — Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat va boshqalar aynan madrasa o‘quvchi-o‘qituvchilari bo‘lgani bilan izohlaydi.
Izoh (0)