Bosh prokuratura tomonidan 27-may 2014-yilda Yakkasaroy tumani IIB TB tomonidan K.Y. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 170-moddasi (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish) bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan surishtiruv o‘tkazildi.
Tergov tomonidan aniqlanishicha, 28-avgust 2008-yili fuqaro A.P. o‘z tanishi bo‘lgan K.Y.ga rassom Rembrandt Van Reynning muallifligidagi asarni 50 ming AQSh dollariga sotganligi, u o‘z navbatida tanishi bo‘lgan R.F. orqali asarni respublika tashqarisiga noqonuniy olib chiqib ketganligi aniqlandi.
2014—2018-yillar davrida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi va javobgarlikka tortish muddati tugaganligi sababli jinoyat ishi bir necha marta to‘xtatilgan va tugatilgan.
Shundan keyin, fuqaro A.P. qabul qilingan qarorlardan noroziligi xaqida Bosh prokuror nomiga ariza bilan murojaat qildi.
Bosh prokuror topshirig‘ig‘a asosan ushbu jinoyat ishi Toshkent shahar IIB Tergov bo‘limidan talab qilib olindi va 04-iyun 2018-yili Bosh prokuraturaning o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasining ish yurituviga berildi.
O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan 14-iyun 2018-yilda o‘tkazilgan tezkor-tergov tadbirlar natijasida ushbu jinoyat ishi fosh etilib, Rembrandtning mualliflik ishi topildi.
Tergov natijalariga ko‘ra, K.Y. va R.F. Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi (bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) va 238-moddasining 2-qismi (yolg‘on guvohlik berish) bilan ayblanuvchi sifatida jalb qilindi va 14-sentabr 2018-yildagi jinoyat ishi ayblov dalolatnomasi bilan sudga yuborildi.
21-noyabr 2018-yildagi jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining hukmiga ko‘ra, K.Y. va R.F. aybdor deb topildi, asar esa davlat hisobiga o‘tkazildi.
Sud hukmining ijrosini ta’minlash maqsadida 08-fevral 2019-yili Majburiy ijro byurosi Yashnobod tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Majburiy ijro byurosi Yashnobod tuman bo‘limining 13- mart 2019-yildagi xatiga asosan, rassom Rembrandt Van Reynning mualliflik asari maxsus komissiya a’zolari ishtirokida tegishli protsessual tartibda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining mas’ul xodimlariga taqdim etildi.
Izoh (0)