“Efiopiya havo yo‘llari” kompaniyasiga qarashli Boeing 737 Max 8 samolyoti yakshanba kuni halokatga uchradi. Fojia 157 nafar yo‘lovchi va sakkiz nafar ekipaj a’zosining umriga zomin bo‘lgan.
Bugunga kelib esa aviahalokat sababi sifatida samolyot konstruksiyasidagi boshqaruv tizimi bilan bog‘liq o‘ta jiddiy xatolik bo‘lishi ehtimoli ko‘rib chiqilmoqda.
Boeing 737 Max — yangi, to‘rtinchi avlod avialayneri bo‘lib, Boeing korporatsiyasining jahon bozorini egallash yo‘lidagi eng asosiy umidi edi. 737-modelning Max 8 va Max 9 talqinlari aynan xavfsizlik nuqtai nazaridan flagman bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Afsuski, endi bunday bo‘lmasligi tobora aniqlashib bormoqda. Sababi shuki, Habashistondagi halokat bunday samolyotlar bilan ro‘y bergan birinchi fojia emas.
Yodingizda bo‘lsa, 2018-yilning 29-oktabr kuni ham xuddi shunday rusumli samolyot Indoneziya yaqinida halokatga uchragan edi. O‘shanda fojia 189 nafar kishini hayotdan olib ketgan. Mana oradan 4 oy o‘tib-o‘tmay yana shunga o‘xshash halokat Afrikada takrorlandi. E’tiborlisi shundaki, har ikkala uchoq ham havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay qulagan. Efiopiyadagi halokat sababi yuzasidan dastlabki tekshirishlardan keyin, har ikkala halokatning shunchaki tasodifan o‘xshash sodir bo‘lgani haqidagi gumon istisno qilingan. Ya’ni har ikkala holatda ham Boeing 737 Max 8 ning havoga ko‘tarilgach, ko‘p o‘tmay qulab tushishi — tasodif emas.
Indoneziyadagi halokat sabablarini o‘rgangan mutaxassislar o‘shanda uchuvchilar samolyot tumshug‘i pastga qarab qolishi jarayoni bilan 20 marta kurashishiga to‘g‘ri kelganini aniqlagan edi. Tumshuqning bunday pastga egilishini esa Boeing 737 Max 8 ga o‘rnatilgan MCAS (Maneuvering Characteristics Augmentation System) avtomatlashtirilgan tizimi yuzaga keltirgan bo‘lib, bu tizim samolyotning fazodagi holat oriyentiri haqida boxabar qiluvchi datchiklardan olingan ma’lumotlarni noto‘g‘ri qayta ishlagan. Ya’ni aslida samolyot jismonan to‘g‘ri boshqaruvda bo‘lgan bo‘lsa-da, lekin avtomatika tizimi uning holatini noto‘g‘ri talqin qilgan. Lo‘nda qilib aytganda, MCAS tizimi samolyotni burni ko‘tarilib ketdi deb “o‘ylab”, uni pastga qaytarishga urinavergan. Aslida unday emasligini bilib turgan uchuvchilar esa avtomatika pastga qayriyotgan tumshuqni yana qo‘lda boshqaruv rejimi bilan to‘g‘rilashga uringan.
Aviatsiya mutaxassisi Devid Susining fikricha, MCAS tizimi bilan bu tarzda kurashgan uchuvchilarning vaziyatdan chiqib ketish ehtimoli juda kam bo‘lgan. Biroq yakshanba kuni Efiopiyada sodir bo‘lgan fojia ham xuddi shunday ssenariy bo‘yicha ro‘y bergani yanada tushunish qiyin bo‘lgan narsadir. Axir Indoneziyadagi falokat sabablari ayon edi va Boeing 737 Max 8 ni ekspluatatsiya qiluvchi kompaniyalar va Boeing korporatsiyasining o‘zi ham bundan yaxshi xabardor bo‘lishgani tayin. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yakshanba kuni qulagan Boeing 737 Max 8 osmonda juda notekis harakat qilgan: u avvaliga keskin sho‘ng‘igan, keyin yana tezkor ko‘tarilgan; yana sho‘ng‘ib, yana yuqorilagan. Bu hol bir necha marta takrorlangan va layner bir daqiqada 400 metrgacha baland-past harakatlarni amalga oshirgan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, uchuvchilarga bu safar ham o‘sha mash’um MCAS sistemasi pand bergani ehtimoli juda katta. U samolyot tumshug‘ini pastga qaratib qo‘yavergan. Uchuvchilar esa uni yana to‘g‘rilayman deb obdon uringan. Garchi mutaxassislar bu borada xulosa chiqarishga shoshilmaslikni maslahat berishayotgan bo‘lsa-da, hozircha hammasi aynan MCAS tizimi aybdorligiga ishora qilmoqda.
Nima bo‘lganda ham, endilikda Boeing korporatsiyasi oldida katta muammolar girdobi hosil bo‘lmoqda. Indoneziyadagi halokat qurbonlari yaqinlari Boeing’ni allaqachon sudga bergan. Endi esa katta ehtimol bilan Boeing huquqshunoslari Efiopiyadagi fojia masalasida ham qattiq ter to‘kishlariga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, Boeing korporatsiyasining Yevropalik raqibi —Airbus 2005-2016-yillar orasidagi raqobatda 11830 ta samolyotga buyurtma olib, 6456 dona tayyora yetkazib bergan edi. Ayni shu davrda Boeing 11024 dona buyurtmaga ega bo‘lib, 6406 ta qanotli mashina yetkazib bergan. Ko‘rib turganingizdek, ko‘rsatkichlar orasida uncha katta farq yo‘q. Lekin endi Airbus uloqni ilib ketishi mumkin. Boz ustiga, jahonning eng yirik iqtisodiyoti egalaridan biri bo‘lmish Xitoy davlati bugunning o‘zida Boeing korporatsiyasining ushbu, Max 8 modelidan voz kechgani haqida e’lon qildi. Garchi tahlilchilar bu jarayonni Xitoyning Amerika sanksiyalariga nisbatan qarshi “yurishi” sifatida baholashga zo‘r berayotgan bo‘lsa-da, lekin endi ushbu samolyotlarga bo‘lgan ishonch keskin pasayishi turgan gap. Xitoydan o‘rnak oladigan davlatlar esa bisyor. Xususan, Indoneziya va Kayman orollari davlatlari ham bu turdagi samolyotlarning ekspluatatsiyasini vaqtincha to‘xtatgan. Boeing aksiyalari esa dushanbaning o‘zida 10 foizga tushib ketgan.
Izoh (0)