Parrandachilikni yanada rivojlantirish, sohaga ilg‘or texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni joriy etish, parranda mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, ularning turlari va eksport ko‘lamini kengaytirishda Samarqand parrandachilik xo‘jaliklari respublikada yetakchilik qilmoqda, deb yozadi Zarnews.
Ayni paytda 140 ta parrandachilik korxonasida 6 milliondan ziyod parranda boqilib, ulardan bir kecha-kunduzda 1 million 400 mingdan ortiq tuxum olinmoqda. Parrandachilik korxonalari tomonidan naslli jo‘ja, tuxum va chorva ozuqasi Tojikiston, Afg‘oniston davlatlariga eksport qilinmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 13-noyabrdagi “Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribasini o‘rgangan holda hududlarda parranda yetishtirish, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot holida iste’molchiga yetkazish, eksport salohiyatini to‘liq qamrab olgan parrandachilik klasterlari tashkil etish belgilangan.
Samarqandda ham 2019—2021-yillarda parrandachilik klasterlarini tashkil etish loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, Samarqand tumanidagi “Navobod naslli parranda” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida parrandachilik klasteri tashkil etiladi. 230 mingdan ortiq tovuq parvarishlanayotgan korxonada oyiga 200 tonnaga yaqin tovuq go‘shti yetishtirilmoqda.
Izoh (0)