Mudofaa vazirligi tomonidan Toshkentdagi Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Hamid Olimjon” mahallasi yoshlari hamda ularning ota-onalari, shuningdek, kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun Ugom-Chotqol tog‘ tizmasida joylashgan vazirlikka qarashli Tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashq markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ekskursiya uyushtirildi. Bu haqda Mudofaa vazirligining matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Dastlab tadbir qatnashchilari dengiz sathidan bir ming olti yuz metr balandlikda joylashgan markaz faoliyati bilan yaqindan tanishib, harbiy xizmatchilarning tog‘ tayyorgarligi mashg‘ulotlarini bajarishi uchun yaratilgan o‘quv joylariga tashrif buyurdi.
Ekskursiya davomida yoshlarga yo‘riqchilar tomonidan tog‘ to‘siqlari, qoyalarga ko‘tarlish hamda tushish bo‘yicha amaliy mashqlar ko‘rsatib berildi. O‘zini sinab ko‘rishni istagan yoshlar uchun texnika xavfsizligiga rioya qilingan holda mashqlarda bevosita ishtirok etish imkoniyati yaratib berildi. Bundan tashqari, ishtirokchilar pnevmatik miltiqdan otish bo‘yicha merganlik mahoratlarini ham sinab ko‘rdi.
Ta’kidlash kerakki, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish, ularda harbiylikka qiziqishni oshirish maqsadida bu kabi amaliy ishlar keng olib borilmoqda.
Izoh (0)