2019-yilning 6-mart kuni O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Ravshan Usmonov Marrybrown Sdn.Bhd. kompaniyasining moliyaviy direktori Devid Liyu bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Marrybrown Sdn. Bhd. Malayziyada “halol” tamoyiliga muvofiq sertifikatlangan fastfud restoranlarining eng yirik tarmog‘i hisoblanadi. Kompaniya mamlakatning butun hududi bo‘ylab joylashgan 138 ta va dunyoning 20 ta mamlakatidagi 350 dan ortiq restoran bilan ishlaydi.
Devid Liyu O‘zbekiston tadbirkorlari bilan franchayzing asosida savdo-servis nuqtalari tarmog‘ini ochish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini bildirdi.
Shuningdek, kompaniyaning tovar belgisini uzatish shartlari va qiymati O‘zbekiston tomonidan aniq hamkor aniqlangandan so‘ng muhokama qilinishi ta’kidlandi. Mazkur brend Janubiy-Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari orasida eng taniqlilaridan biri bo‘lib, bu mamlakatlardan sayyohlarni O‘zbekistonga jalb qilish uchun “langar biznes” rolini bajarishi mumkin.
Muzokaralar yakunida restoran biznesida hamkorlik o‘rnatish imkoniyatlarini batafsil muhokama qilish uchun joriy yilning aprel oyida Marrybrown Sdn.Bhd. kompaniyasining vakillari Toshkentga tashrif buyurishi haqida kelishuvga erishildi.
Izoh (0)