Nyu-Yorkdagi mashhur Chrysler Building binosining egalari uni 150 million dollardan ortiq pulga sotadi, deya xabar beradi “Vedomosti”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, osmono‘par binoni sotib olish shartnomasi allaqachon imzolangan, u boshqa mashhur binolarga ega bo‘lgan RFR Holding LLC va uning xorijiy sherigi tomonidan sotib olinadi.
Hozirda Chrysler Building Abu-Dabi davlat investitsiya kengashi (uning ulushi 90%) va Nyu-Yorkdagi ko‘chmas mulk va investitsiya bilan shug‘ullanadigan Tishman Speyer kompaniyasiga tegishli. Abu-Dabi Investitsion kengashi 2008-yilda Tishman Speyer’den hissasini 800 million dollarga sotib olgan.
Binoning egalari o‘zlari joylashgan hududning egasi sanalmaydi, shuning uchun uni ijaraga olish uchun yiliga 32,5 million dollar to‘lashi kerak, 2028-yilga borib esa ijara qiymati 41 million dollarga yetadi. Bundan tashqari binoga yangi ijarachilarini jalb qilish uchun 200 million dollarga yaqin sarmoya zarur bo‘ladi. Hozirda binoning 37 ming kvadrat metrdan ortiq joyi bo‘sh.
Manxettenning sharqiy qismida joylashgan Chrysler Building binosi 1930-yilda qurilgan. Qurilishdan so‘ng bir yil mobaynida bino dunyodagi eng baland 77 qavatli bino bo‘lgan. Minora Nyu-Yorkning ramzlaridan biri hisoblanadi va tez-tez taniqli filmlarda paydo bo‘ladi.
Izoh (0)