“Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov kino va teatr aktrisasi, taniqli teleboshlovchi Rayhon Ulasenova bilan suhbat uyushtirdi.

Foto: G‘ayrat Ubaydullayev

- “Sevimli” telekanalida namoyish etilayotgan “Zirapcha” realiti shousi ko‘plab yurtdoshlarimizda katta qizig‘ish uyg‘otgani shubhasiz. Qanday omillar sabab ushbu loyiha direktoriga aylandingiz?

- “Zirapcha” teleloyihasi ustida ish olib borilayotganida “Oydin hayot”dan ajralmay, har ikkisida ham faoliyat yuritayotgandim. Loyiha rahbariyati roziligini olgach, so‘ng “Zirapcha”da ishlashni boshladim. Avvaliga ko‘p ikkilanishlar bo‘ldi. Negaki, yelkamda juda katta mas’uliyat bor edi. Ishtirokchilarning har biriga alohida e’tibor, rag‘bat va mehr ko‘rsatishda qiynalmasmikanman, deya oila a’zolarim, yaqinlarim va ustozlarim bilan maslahatlashgan holda loyihaga astoydil yeng shimarib kirishdim. Qizlar qatorida o‘zimni ham sinovdan o‘tkazyapman (kuladi). Qo‘limdan kelganicha topshirilgan vazifani uddalashga intilyapman. Biz “Zirapcha” orqali nafaqat o‘n ikki nafar qizni, balki ekran orqali tomosha qilayotgan ko‘plab singillarimizning ham hayotida ijobiy tomonga burilishga hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilayotgan izohlarga ko‘z yugurtirganimda “Opa, bu loyihani tomosha qilib, o‘zimizga oyna tutgandek bo‘ldik. Biz xato ish qilayotgan ekanmiz. Hatto o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetib kelgandik. Bu noto‘g‘ri ish va gunohligini tushunib yetdik”, degan fikrlarni ham o‘qiyapman. Bu esa ijodiy jamoaning maqsadi ozmi-ko‘pmi o‘z mevasini berayotganidan nishonadir.

- “Oydin hayot”ni ham aynan shu loyiha sabab tark etdingizmi?

- Asosiy sabab qilib, “Zirapcha”ni ko‘rsata olmayman. Men va boshlovchilikdagi hamrohim Rixsitilla Abdullayevni tongda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga taklif qilishdi. Ammo biz, tig‘iz ish tartibimiz tufayli tongda tasvirga olish ishlariga kelolmasligimizni aytdik. Shundan so‘ng, o‘rnimizga boshqa boshlovchilarni tanlashdi. Hattoki, yaqingacha boshlovchilik qilgan bu ko‘rsatuvga o‘zim mehmon sifatida borib keldim va shundan so‘ng ko‘rsatuvdan bo‘shash vaqti kelganini tushunib yetdim. Bugun bu loyihani yaxshi boshlovchilar olib borayapti. Tabiatan juda rashkchi insonligim bois ko‘rsatuvni ulardan qizg‘andim ham (kuladi). Ammo sevimli jamoam bilan hali xayrlashganim yo‘q.

Foto: G‘ayrat Ubaydullayev

- Ishtirokchilar qanday shart va talablar asosida tanlab olindi?

- Hayot yo‘llarida turli vaziyatlarga duch kelgan, o‘zi va atrofidagilarga nisbatan ishonchini yo‘qotgan, oilasida og‘ir muhitni ko‘rib, hayotdan ko‘ngli qolgan, ayollik latofati, nafosatini yo‘qotgan, yuragida alami – zirapchasi bo‘lgan qizlarni tanlab olganmiz. Psixologlarimiz loyihada ishtirok etishni istagan ikki mingdan ziyod qizlarning anketalarini o‘rganib chiqishdi va ular orasidan psixologik trening yuklamalaridan o‘tganlarini saralab oldik. Ko‘p yurtdoshlarimiz “Zirapcha”dagi qizlarni aktrisa deb o‘ylashlaridan ham xabardormiz. Lekin bunday emas. Ishtirokchilar haqiqatdan o‘zgarishga muhtoj nozik hilqat vakillaridir. Ular bilan shartnomalar imzolanib, qasamyod ham qabul qilingan.

- Qizlarning qay birini o‘zingizning yoshligingizga o‘xshatdingiz?

- Saodatni ilk ko‘rganimdayoq, o‘ziga “Mening yoshligimga o‘xshaysiz” deganman. O‘xshash jihatlarimiz ko‘p.

- 1-mavsum qatnashchilaridan ayrimlari loyiha to‘g‘risida turli fikrlar bildirib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida muhokamalarni keltirib chiqarishdi. Ular realiti shouda rol o‘ynab berganliklari, qirq kun davomidagi vaqtlari zoye ketganligini ochiq-oydin ta’kidlashdi. Sizning bunga munosabatingiz qanday?

- To‘g‘risini aytsam, bundan bexabarman. Siz nazarda tutgan qizlarimiz o‘zgarishga harakat qilishmagan bo‘lsa, demak ular shunchaki rol o‘ynab berish bilan kifoyalanishibdi xolos. O‘zgarmoqchi bo‘lgan va buni istagan qatnashchilar albatta, o‘zgardi va yaxshi natijalarga erishib, oxirgi finalgacha yetib kelishdi. Buni hamma ko‘rib, bilib turibdi.

Foto: G‘ayrat Ubaydullayev

- Salkam 20 yildan buyon “Ilhom” teatrida faoliyat yuritasiz. Biroq xalqimiz sizni teleboshlovchi va aktrisa sifatida yaxshi taniydi. Nazarimda, ibratxona siz uchun ikkinchi darajalidek...

- Balki teatrimizda barcha sahna asarlari rus tilida qo‘yilganligi va tomoshabinlar ham rusiyzabon bo‘lganligi bois bu dargohni ko‘pchilik bilmasa kerak. Ammo o‘ziga yarasha muxlislari bor va har bir spektaklda zal to‘ladi. To‘g‘ri, meni teatr aktrisasi ekanligimni aksariyat o‘zbek tomoshabinlari bilishmaydi. Biroq ular ham ikkinchi uyimga tashrif buyurishsa, Rayhon Ulasenovani o‘zlari uchun qayta kashf qilishlari shubhasiz (kuladi). Bu gapni bekorga aytganim yo‘q. Bir safar mahoratli kinorejissor Hilol Nasimovni teatrimizga spektakl ko‘rgani taklif qilsam, ular tomosha tugagach, “Ochig‘i, sizni bu darajada katta ampuladagi aktrisa, deya sira o‘ylamagandim. Spektaklni ko‘rib esa qirralaringiz ko‘pligini bildim va o‘zim uchun qaytadan kashf etdim”, degandi. O‘shanda ijodiy mahoratimni muntazam charxlab turuvchi teatrning aktyori ekanligimdan yana bir bor faxrlanganman.

- “Aldangan ayol” filmigacha o‘nlab kino va seriallarda turli janrdagi rollarni talqin qilgan bo‘lsangiz-da, biroq Mohira roli orqali xalqqa yanada tanildingiz. Ungacha aktrisa sifatida omadingiz chopmaganini rejissorlarning xatosi deb bilasizmi yoki rol tanlashdagi taktikangizga bog‘liqmi?

- Menga ilk mashhurlikni aynan biror rolim emas, balki “Oltin toj” ko‘rsatuvi olib kelgan. Shu tufayli ko‘p ijodkorlar meni boshlovchi sifatida tanishgan. Vaqt o‘tib, aktrisalik mahoratim rejissorlar nazariga tushgach, kinolarga taklif eta boshlashdi. Lekin oilaviy sharoit, ssenariy ma’qul kelmaganligi yoki syomka jarayonlarining oilamdan uzoq joylarda oylab davom etishiga yaqinlarim rozi bo‘lmaganligi uchun o‘nlab ssenariylarga rad javobini berishimga to‘g‘ri kelgan. Ammo oradan yillar o‘tgach, “Aldangan ayol” filmi aktrisa sifatida tan olishimga sabab bo‘ldi va bu mening tashrif qog‘ozimga aylandi, desam sira yanglishmayman.

Foto: G‘ayrat Ubaydullayev

- Mazkur filmning suratga olish paytida partnyoringiz Hilol Nasimov sizni do‘pposlagani qanchalik haqiqat?

- Buni inkor etolmayman. O‘sha kadrda mening ortimda turgan rus millatiga mansub qiz oyog‘imdan toydirib, tiz cho‘kdirishi kerak edi. Keyin Hilol akaning do‘pposlaydigan sahnasi bor. O‘shanda Hilol aka bilan tortishuv sahnasida u qiz bizning janjalimizga hayron bo‘lib, turtish harakatini unutib qo‘yadi. Yana bu vazifa Hilol akaning zimmasiga tushadi (kuladi). Bilasizmi, o‘sha kaltak zarbidan esankirab, yerga yiqilganman.

- Onalik va bekalik vazifalari, teatr, kino, televideniye, to‘ylar... Barchasiga ulgurishga qanday vaqt topasiz?

- Bolaligimizdan dadam reja asosida ish qilishga odatlantirganlar. “Sizlar mol-mulk, pulni emas, vaqtni qadrlanglar. Barcha narsa topilishi mumkin, ammo vaqt topilmaydi”, deya ko‘p takrorlardi. Shu fikrlar haligacha biz farzandlar qulog‘ida jaranglab turadi. Bilasiz, ukam Jahongir, singillarim Oyxon va Zulayho ham ijoddan tashqari, oilasiga yetarlicha vaqt ajratib, farzandlarini aylantirishga ulguradi. Bir-birimiznikiga mehmonga borishga ham vaqt topamiz. Demak bularning barchasi asosida reja turibdi. Agar har bir inson chin dildan istasa, ko‘p narsaning uddasidan chiqishi mumkin. Faqat buning uchun puxta ishlangan kun tartibi bo‘lishi kerak. Odatda vaqt o‘tib ketyapti, deb ko‘p aytamiz. Aslida esa vaqt emas, umrimiz o‘tib bormoqda.

Foto: G‘ayrat Ubaydullayev

- Bugun aktyor yoki xonandalarning telekanallarda boshlovchi sifatida namoyon bo‘layotganiga qanday qaraysiz?

- Bizning soha bo‘yicha maxsus bilimga ega bo‘lmay turib, boshlovchilik qilayotganlarga biroz e’tirozim bor. Masalan, filmlar syomkasida shifokor rolini o‘ynashimiz mumkin. Lekin hayotda jarrohlik stoli oldiga borib, bemorlarga tig‘ tutolmaymiz yoki ukol qilolmaymiz. Chunki bizning tibbiyot sohasida yetarlicha bilim va uquvimiz yo‘q. Shunday ekan, boshlovchilikka qiziqishi borlar yillab oliy dargohda o‘qimasa-da, qisqa muddatli kurslarda ustozlar sabog‘ini olishlarini va boshlovchilikka uquv bilan yondashishlarini istardim.

- Farzandlaringizning san’atga qiziqishi qanday?

- Kichkintoyim Maryamni tayyor aktrisa desam bo‘laveradi (kuladi). Raqs to‘garagiga qatnagani bois turli harakatlari bilan barchamizni qoyil qoldiradi. Katta qizim Mohinur juda og‘ir-bosiq va muloyim. Musiqa maktabida skripka va fortepiano bo‘yicha dars mashg‘ulotlariga qatnaydi. Vokalga ham qiziqishi kuchli. O‘g‘limni “Ilhom”ning qoshidagi mahorat darslariga olib borganimda, ustozlari unda mahorat kuchliligi, ammo san’atga nisbatan ishtiyoqi yo‘qligini ta’kidlashgan. Azizbek teatrdagi spektakllarda bir yilga yaqin vaqt davomida rollar o‘ynadi. Lekin oxiri biznes sohasidan ketishni maqsad qilib, bu boradagi bilimlarini mustahkamlamoqda. Matematika, ingliz tili va sportga qiziqadi.

- Suhbat uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz!