Shavkat Mirziyoyevning Namanganga tashrifidan so‘ng viloyat prokurori Ulug‘bek Toshev ishdan olindi. Bu haqda “Daryo” manbasi xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

Ulug‘bek Toshev 2018-yil aprelida Namanganda ish boshlagan, bundan avval Samarqand viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari bo‘lgandi.

Davlat rahbari Namanganda bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida Namanganda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha holatdan norozilik bildirib, jinoyatchilikni jilovlash zarurligi, bu boradagi ko‘rsatkichlar yil oxiriga qadar ijobiy tomonga o‘zgarishi kerakligini ta’kidlagandi.

O‘zbekiston Bosh prokurorining o‘rinbosari Rashid Rahmatov Namangan viloyati prokurori etib tayinlandi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Rashid Rahmatov 1978-yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, huquqshunos. 2004-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 2004-yilda Navoiy shahar prokuraturasida boshlab, Navoiy viloyati prokuraturasi organlarida turli lavozimlarda, 2009-yildan Bosh prokuratura boshqarma prokurori, katta prokurori, Buxoro shahar prokurori, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2017-yil noyabrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, 2018-yil noyabrida esa O‘zbekiston Bosh prokurorining o‘rinbosari etib tayinlangandi.