Turkiyaning “O‘rmon xo‘jaligi vazirligi” Toshkent shahriga 30 mingdan ortiq daraxt ko‘chatini tuhfa qildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Keltirilgan ko‘chatlar issiqxonada saqlanmoqda. Hozirda ular transportirovkadan so‘ng akklimatizatsiyadan o‘tmoqda. Ko‘chatlar orasida manzarali daraxtlar, ignabargli daraxtlar va butalar mavjud”, — deya ta’kidlanadi xabarda.
Ko‘chatlar balandligi 1,5—2 metr bo‘lguncha, dalada maxsus tayyorlangan uchastkaga vaqtinchalik o‘tqaziladi, shundan so‘ng poytaxt ko‘chalariga ko‘chiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda kelayotgan bahorda 410 mingga yaqin mevali va manzarali daraxt ekish rejalashtirilayotganligi haqida xabar qilingan edi.
Izoh (0)