2018-yilning sentabr oyida farg‘onalik yosh olimlardan iborat jamoa Buxoro viloyatida o‘zining elektromobilini yaratishga kirishgandi. Loyiha muallifi Saidbek G‘ulomovning ma’lum qilishicha, bugungi kunga kelib loyihani modellashtirish ishlari yakunlangan. Bu haqda UZ24 xabar berdi.

Foto: UZ24

— Elektromobilni yaratish ishlari hali yakuniga yetmadi, — deydi loyiha muallifi Saidbek G‘ulomov. — Ilk prototipini ishlab chiqarish jarayoni taxminan 4 oyga mo‘ljallangan edi. Afsuski, bu yerda — Buxoroda bir o‘zim ishlayapman, birga ishlaydigan kadr topilmagani uchun muddat sal kechikyapti, jamoamiz a’zolari masofadan turib ko‘maklashishyapti. Hozir loyiha yakunlanishining aniq muddati haqida bir nima deyish qiyin. Negaki, ayrim ehtiyot qismlarini topishda biroz muammolar bo‘lib turdi. Shularni topa olsak, bir oyga qolmasdan elektr mashinani yaratish ishlarini to‘liq yakunlay olamiz.

Loyihaga asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Rossiya fuqarosi Shamsiddin Hasanov homiylik qilmoqda. Ishlab chiqarish jarayoni Kogon tumani hududida faoliyat ko‘rsatayotgan “Kogonremstroykomlekt” O‘zbekiston — Rossiya qo‘shma korxonasi hududida bormoqda.

Foto: UZ24

Elektromobil dizaynini yaratishda Farg‘ona do‘ppisidagi bezaklar nusxasidan foydalanilgan. Elektromobilning kuzovi yuz foiz alyuminiydan tayyorlangan. Uzunligi 4 metr 75 santimetr, eni 2 metr, balandligi 1,53 metrni tashkil qiladi. 18 dyumli g‘ildiraklar ishlatiladi. 6,5 sekundda 100 kilometr soat tezlikda harakatlanadi. Bir marta to‘ldirilgan quvvat 350 kilometrdan ortiq masofaga harakatlanish uchun yetadi.

Avvalroq loyiha muallifi elektromobilning bir dona nusxasini yaratish uchun 50 ming dollarga yaqin mablag‘ kerak bo‘lishini ma’lum qilgandi.

Foto: UZ24

— Prototipni yaratish jarayonida ko‘p detallar o‘zgardi. Kerakli kadrlar topilmagani uchun kompozit materialdan emas, alyumindan foydalandik, qayta hisob-kitob qildik. Xarajat 50 ming dollarga bormaydigan bo‘ldi. Hozircha 40 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi. Endi yana 20 ming dollarga yaqin xarajat qolgan, — deydi Saidbek G‘ulomov.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, elektromobil narxi 110-150 million so‘mga baholanmoqda.

Elektromobil “Saidbek dream cars” brendi ostida Al-Fraganus nomi bilan sotuvga chiqariladi.

Foto: UZ24

— Elektromobilni xarid qilaman deganlar talaygina. Lekin birinchi mijoz o‘zim bo‘laman, xudo xohlasa. Qolgan mijozlar uni minib ko‘rib, individual buyurtma berishlari mumkin bo‘ladi. Buyurtmalar ko‘paysa, ishlab chiqarish hajmini orttirib boraveramiz. Homiy tomonidan buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan, — deydi Saidbek G‘ulomov.

Elektromobil bo‘yicha patentga ega bo‘lish uchun respublika Intellektual mulk agentligiga zarur hujjatlar topshirilib, dastlabki xulosalar olingan.