Surxondaryo viloyatining Uzun tumani, Bog‘dara qishlog‘ida “Bobotog‘” chegara-bojxona punkti ochildi. Bu haqda “Daryo”ga Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Bu yerda istiqomat qiluvchi aholi qo‘shni davlatdagi yaqinlardan xabar olish uchun 110 kilometr olisdagi “Sariosiyo” chegara-bojxona postiga borar, Tojikiston bo‘ylab esa yana 40-50 kilometr yo‘l bosar edi.
“Bobotog‘” chegara-bojxona punktiga tutash hududda Tojikistonning “Hisor” chegara-bojxona postining ochilgani qo‘shni davlatning Hisor va Ro‘dakiy tumanlarida istiqomat qiluvchi aholining ham quvonchiga sabab bo‘ldi.
Postda jismoniy shaxslar, tovar va transport vositalarining qisqa muddatda va samarali ravishda bojxona nazoratidan o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Buning uchun 300 million so‘mlik bunyodkorlik ishlariamalga oshirildi. Postga eltuvchi yo‘llarga asfalt yotqizilib, yoritqichlar o‘rnatildi, yon-atrof ko‘kalamzorlashtirildi.
Shuningdek, bu yerda chegarachilar, o‘simliklar karantini, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya nazorati mutaxassislari, sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish uchun ham imkoniyalar mavjud.