2019-yil 15-fevral kuni Navoiy viloyatining Navbahor tumanida yashovchi O.X. IIBga murojaat qilib, shu yil 11-fevralga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar uning uyi oldida joylashgan dala maydonidan 4 bosh otlarini o‘g‘irlab ketganliklarini ma’lum qilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Yangi kuch mahallasida yashovchilar B.R., A.R. va Qiziltepa tumani So‘fiyon mahallasida yashovchi M.A.lar sodir etganliklari aniqlanib, ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.