Bosh prokuratura Farg‘ona viloyatida kimyoviy modda ichib vafot etgan o‘quvchi bilan bog‘liq holat yuzasidan rasmiy axborot tarqatdi.
15.02.2019-yil kuni soat 17:00 larda O‘zbekiston tumani, O‘qchi MFY, O‘qchi-dasht qishlog‘i, Soy bo‘yi ko‘chasi 104-uyda yashovchi, 23.01.2003-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan S.A. yashash xonadonida noma’lum kimyoviy moddani ehtiyotsizligi oqibatida ichib yuborishini natijasida tan jarohati olib, tuman markaziy shifoxonasiga olib kelingan.
Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. 18.02.2019-yil kuni sudga oid tibbiy ekspertizasi hamda olingan noma’lum kimyoviy modda bo‘lagi tarkibini aniqlash bo‘yicha sudga oid kimyoviy ekspertizalar tayinlangan.
Sudga oid tibbiy ekspertizaning 19.02.2019-yil kungi №63-sonli xulosasida voyaga yetmagan S.A.da gemorrogik peritonit va oshqozon devorlari butunligining buzilishi bilan kechgan oshqozon va 12 barmoqli ichakning bir qismi kimyoviy kuyishi bo‘lib, bu og‘iz orqali qabul qilingan kimyoviy modda ta’siri natijasida yuzaga kelganligi qayd etilib, ushbu jarohatlar hayot uchun xavfli og‘ir shikastlar toifasiga kirishligi ko‘rsatilgan.
Holat yuzasidan voyaga yetmagan S.A.ning o‘zi tushuntirishida, 17-sonli umumta’lim maktabining 10 a-sinfida o‘qiydigan M. ismli bola noma’lum dori moddasini berib ichishi kerakligini aytganligini va keyin noma’lum dori moddasini yashash xonadoniga kelib ichganligini bildirib o‘tgan.
Bundan tashqari, holatni har tomonlama tekshirish maqsadida 20.02.2019-yil kuni voyaga yetmagan S.A. o‘qigan tumandagi 17-sonli umumta’lim maktabining kimyo laboratoriya xonasida mavjud moddalarning saqlanishini qonuniyligini o‘rganish yuzasidan viloyat XTBga tekshiruv tayinlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida 26.02.2019-yil kuni voyaga yetmagan S.A. tuman shifoxonasining reanimatsiya bo‘limida vafot etgan va shu kundan uning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.