Samarqand shahar hokimligi tomonidan joriy yilning 28-fevral kuni Yoshlar markazida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbir tashkil etildi. Bu haqda Samarqand shahar hokimligining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unga shahar hokimi o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari, hokimlik bo‘lim va boshqarmalari, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari, deputatlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi.
Shahar hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda 314 ta nogironligi bo‘lgan shaxs qo‘llab-quvvatlandi. Tadbirda kattalar nogironlik aravachasidan tortib, bolalar oyoqlanishi uchun zarur bo‘lgan moslamagacha o‘z egalariga topshirildi. Kattalar (110 ta) va bolalar (21 ta) nogironlik aravachalari, shuningdek, 30 ta kattalar, 5 ta bolalar qo‘ltiqtayog‘i, 64 ta eshitish moslamasi, 64 ta hassa, 17 ta ko‘zi ojizlar hassasi, 3 ta bolalar oyoqlanishi uchun maxsus moslamalar (xodunok) uchun Samarqand shahar hokimligi tomonidan jami 198 457 000 so‘m mablag‘ ajratildi.
Keyingi ikki yil davomida Samarqand shahar hokimligi tomonidan 25 nogiron, yakka yolg‘iz keksalar va kam ta’minlangan insonlarning xonadonlari ta’mirdan chiqarildi. 83 nafar nogiron va kam ta’minlanganlar bepul uy joy bilan ta’minlandi. Nogironlarga dori-darmonlar, 112 ta nogironlik aravachasi, 4 ta eshitish apparati, 36 ta hassa va boshqa reabilitatsiya moslamalari tarqatildi.
Izoh (0)