Toshkent shahrida 28-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari E.M.G‘aniyev va Birlashgan Qirollik Parlamentining Lordlar palatasi (yuqori palata) a’zosi, Buyuk Britaniya bosh vazirining O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili baronessa E.Nikolson raisligida Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston—Britaniya kengashining 24-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida Britaniyaning “BAT Uzbekistan (Investments) Ltd.” BATU(I) kompaniyasi hamda ayni paytda quritilgan sabzavotlar, mevalar va giyohlarni qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan “Samfruit” MChJ O‘zbekiston—Shveysariya korxonasining (Samarqand viloyati) asosiy mulkdori bo‘lmish Shveysariyaning “NewProductInternational” kompaniyasi ishtirokida chet el korxonasini tashkil qilish haqida kelishuv imzolandi.

Imzolangan kelishuvga muvofiq, BATU(I) kompaniyasi “Samfruit” XK hammuassislari tarkibiga kiradi va dastlabki bosqichda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, shu jumladan sublimatsion va havoda quritish, qadoqlash va o‘rash bo‘yicha zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalarni sotib olish, eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarish uchun 11 mln AQSh dollarini investitsiyalashni rejalashtirgan.

Bunday investitsiyalar XK ishlab chiqarish quvvatlarini yiliga 700 dan 4 000 tonnagacha quritilgan sabzavotlar, mevalar va giyohlarni ishlab chiqarishgacha oshirish imkonini beradi.

Investitsiya dasturining birinchi bosqichini amalga oshirish tugallangandan so‘ng “Samfruit” XKning prognozlanayotgan eksportdan oladigan foydasi bir necha baravarga oshishi lozim. Hozirgi paytda korxonada 50 kishi ishlayotgan bo‘lsa, kengaytirilgan ishlab chiqarishda 100 ta doimiy va 150 ta mavsumiy xodimlar ishlaydi.

Kelishuv “British Amerikan Tobacco” kompaniyalar guruhining Markaziy Osiyo, Kavkaz, Ukraina, Belarus, Moldova submintaqasi bo‘yicha boshqaruvchi direktori Saymon Uelford va “Samfruit” MChJ Bosh direktori Denis Samarin tomonidan imzolandi.

Har ikki kompaniya rahbarlari mazkur investitsiya loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga qat’iy ishonch bildirdi, bu loyiha eksportdan tushumlarni ko‘paytirish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish imkonini beribgina qolmay, balki boshqa britaniyalik potensial investorlar uchun o‘z mablag‘larini O‘zbekiston iqtisodiyotidagi “nou-xau”larga yanada faol kiritishga undaydigan ijobiy omil bo‘ladi.

Ma’lumot uchun:

“Samfruit” MChJ O‘zbekiston Shveysariya qo‘shma korxonasiga 2002-yilda asos solingan. Bugungi kunda korxona mulkida Samarqand viloyatining Samarqand tumanida 10 gektardan ortiq maydondagi zavod, shuningdek Nurobod tumanida umumiy maydoni 234 gektarlik “Samfrut-Organik” fermer xo‘jaligi bor. Bu yerda organik mahsulot yetishtiriladi, bu mahsulot har yili Institute for Marketecology (Shveysariya) inspektorlarining sertifikatsiyasidan o‘tadi.

Ko‘pyillar davomida “Samfruit”ning asosiy sheriklari xalqaro miqyosdagi yirik oziq-ovqat, konserva vaa qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari: Mars, Nestle, Unilever, Gerber, Kellogg‘s, KundigGroup, WorleeGroup, HarmsFoodGmbH va boshqalardir.

“BATUzbekistan (Investments) Limited” (London, Buyuk Britaniya), 1994-yil 22-noyabrda davlat ishtirokidagi qo‘shma korxona shaklida tuzilgan “UZBAT A.O.” QK AJ O‘zbekiston—Britaniya qo‘shma korxonasining hammuassisidir. BATU(I) yetakchi xorijiy investorlarning bittasi va O‘zbekiston iqtisodiyotining yirik investori bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarining umumiy hajmi 400 million AQSh dollaridan ortiq.