Farg‘ona davlat politexnika institutida tahsil olib, ayni damda Buxoroda istiqomat qilayotgan 27 yoshli Saidbek G‘ulomov o‘zbekona milliy elektromobil ixtiro qildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda. Saidbek avtomashina dizaynini yaratishda Farg‘ona do‘ppisi shakllaridan foydalangan.

Foto: “Xalq so‘zi”

— Yengil avtomashina yaratish g‘oyasi menda 2017-yilda tug‘ilgan edi, — deydi u. — Izlanish, o‘rganish ortidan siz ko‘rib turgan mashina modeli yuzaga keldi. Uning uzunligi 4 metr 75 santimetrni, eni 2 metrni, balandligi esa 1,53 metrni tashkil etadi. Balandligi Cobalt rusumli mashina bilan deyarli teng.

Elektromobilning kuzovi yuz foiz alyuminiydan tayyorlandi. Chunki bu material yengil. U mashinaning yurish davomiyligini oshirishga xizmat qiladi. Avtoulovning afzalliklaridan biri yoqilg‘i sarfining tejamkorligida. Negaki, u elektr toki vositasida yuradi. Benzin va gaz tejaladi. 6,5 sekundda 100 kilometr soat tezlikka erishadi. Qiyoslash o‘rnida aytish joizki, Malibu 2 da bu ko‘rsatkich 7,8 sekundni tashkil etadi. Narxi esa nisbatan arzon. Xomaki hisob–kitoblarga ko‘ra, 110–150 million so‘m. Yana bir qulayligi, u xaridor xohish-istagiga ko‘ra, individual buyurtma asosida ishlab ishlab chiqariladi.

Foto: “Xalq so‘zi”

— Bu modelni yaratishda italyan, nemis, ingliz, yapon avtomobillarining barcha ustun jihatlarini uyg‘unlashtirishga harakat qildim, — deydi yosh ixtirochi. — Uning yagona kamchiligi bu qayta zaryadlash vaqtining uzoq davom etishidir. Ammo hozir dunyoning rivojlangan davlatlarida qattiq jinsli akkumulyatorlar sinovdan o‘tkazilyapti. Bu esa muammoning yechimi borligidan darak beradi. Elektromobil bo‘yicha patentga ega bo‘lish uchun respublika Intellektual mulk agentligiga zarur hujjatlarni topshirib, dastlabki xulosalarni oldik.

Aytmoqchi, bizda 14 kishilik jamoa shakllangan. Barchasi iqtidorli, izlanuvchan. Agar qobiliyatli yoshlar bo‘lsa, ularni o‘z safimizga qo‘shishga tayyormiz.

Foto: “Xalq so‘zi”

Avtoulovning modelini yaratish, innovatsion g‘oyalarni amalda tatbiq etishda yosh ixtirochiga viloyat hokimi yordam qo‘lini cho‘zdi. Kogon tumani hududida faoliyat ko‘rsatayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Kogonremstroykomlekt” O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi homiylik qilmoqda.