26-fevral kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” II Respublika tanlovi g‘olibalarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga Inha universiteti matbuot xizmati xabar berdi.
Tanlovning birinchi bosqichida 4000 dan ziyod iqtisodiyot tarmoqlariga foydasi tegadigan texnik loyihalar, ratsionalizatorlik takliflari, innovatsion ishlanmalar, ixtirolar taqdim etildi.
“O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” yakuniy bosqichida, mamlakatimizning barcha hududlaridan tavsiya etilgan 300 dan ziyod ishtirokchilarning hujjatlari va innovatsion loyihalari Respublika Ekspertlar kengashi tomonidan ko‘rib chiqildi hamda ularning taqdimotlari eshitilib, keng muhokama qilindi.
Loyihalar ichidan 100 ta eng munosib loyihalar va ularning mualliflari-tanlovning g‘olibalari sifatida tanlab olindi. Tanlovning respublika bosqichi g‘olibalarini taqdirlash marosimida turli nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar O‘zbekiston Xotin-qizlar Qo‘mitasining diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan tantanali ravishda taqdirlandi.
Tanlovdan so‘ng g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 100 ta innovatsion g‘oya mualliflari bilan loyihalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha maqsadli ishlar amalga oshiriladi.
Inha universitetidan ushbu tanlovning yakuniy bosqichiga talabalar Xurshida Baxtiyorxo‘jayeva, Saodat Sadirbayeva, Malika Rahimova, Ummatoy Yo‘ldoshyevalar chiqdi.
Izoh (0)