Buyuk Britaniyada sog‘lom qizini bir necha yil davomida davolanishga majbur qilgan ayol sakkiz oylik qamoq jazosiga mahkum qilindi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Bu voqea Lankashir grafligi Blekpul shahrida sodir bo‘lgan. 2012—2016-yillar davomida, qariyb to‘rt yil 41 yoshli ayol qizini tutqanoq kasali borligiga ishontirgan va shifoxonama-shifoxona yetaklagan. Xabarda aytilishicha, ayol qalbaki tibbiy ma’lumotnoma tayyorlatgan. U ma’lumotnomada qizida mavjud bo‘lmagan kasallik belgilari bor deb yozilgan va ko‘p bor hushidan ketganligi qayd etilgan.
Dastlab shifokorlar ayolga ishongan. Qiz haqiqatan kasal deb, unga maxsus preparatlar yozib bergan va qator tahlillar o‘tkazgan. Biroz vaqtdan so‘ng shifokorlar qizda hech qanday tutqanoq yo‘qligini sezgan.
Shundan so‘ng mutaxassislar qizning maktabi bilan bog‘langan. U yerda ham hech qachon qizda tutqanoq belgilari ko‘rinmagani aytilgan. Keyin qizga buyurilgan preparatlar bekor qilingan. Bolani vasiylik organlari olib ketgan.
Sudya ayolni “o‘zboshimchalik va xudbinlik bilan qizidan foydalanganlikda” ayblagan.
“Ona o‘z qizi bilan bunday yo‘l tutganiga ishonish qiyin”, — deydi Oliy sud vakili.
Ayol qiziga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lganini tan olgan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, ayol o‘ziga va qiziga nisbatan atrofdagilarda rahm hissini uyg‘otmoqchi bo‘lgan.
Izoh (0)