Jahon bankining bir guruh ekspertlari O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishiga oid ma’ruza tayyorladi. Tadqiqot bank tarkibiga kiradigan Xalqaro moliyaviy korporatsiya saytida e’lon qilindi.
Ma’ruza mualliflari rivojlantirishni talab qiladigan to‘rtta sohani ajratib ko‘rsatdi: bandlik muammosi, korxonalarning kamligi, eksport hajmining kamligi, energiya samaradorligining zaifligi.
Hisobotda O‘zbekistonda mehnatga layoqatli fuqarolarning tez o‘sib borayotgani ta’kidlanadi. Agar o‘sishning hozirgi sur’ati saqlanib tursa, 2030-yilga borib O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Yevropada ishchi kuchi soni bo‘yicha Rossiya, Turkiya, Ukraina va Polshadab keyin 5-o‘ringa chiqadi. Lekin turli to‘siqlar tufayli ko‘pgina fuqarolar ishsiz bo‘lib qolmoqda yoki chet elga ketmoqda.
Korxonalarning kamligi O‘zbekistonda har 5 ishlovchidan 4 nafari qishloq xo‘jaligida yoki kichik ishlab chiqarish sohasida bandligida namoyon bo‘lmoqda. Xodimlarining uchdan biridan ko‘prog‘i davlat korxonalarida ishlaydi va yana uchdan biri o‘z mehnati bilan band. Bu esa mehnat bozorida asosan davlat gigantlari va mayda biznesgina mavjud deganidir. Iqtisodiyotning rivojlanishiga o‘rta biznes kompaniyalarining yo‘qligi xalaqit bermoqda.
O‘zbekiston eksportining raqobatbardoshligi keyingi o‘n yillikda pasaydi. Mamlakatning global integratsiyasiga mahalliy ishbilarmonik iqlimining rivojlanmagani va geografik cheklanganlik to‘siq bo‘lmoqda. Janubiy va Sharqiy Osiyoda iste’mol bozorining tez o‘sishi kuzatilayotgan bir vaziyatda O‘zbekiston o‘z iqtisodiy iqlimini yaxshilasa, bu mamlakatga qisqa fursatda bozorga chiqish imkonini beradi.
Nihoyat, tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda energiya manbalari yetarli, lekin ularda o‘ta past samaradorlik bilan foydalanilayotgani tufayli mamlakat surunkali ravishda elektr energiyasi va gaz tanqisligini boshdan kechirmoqda. Yalpi ishlab chiqarish birligiga ko‘ra karbonat angidridni havoga chiqarish va suv iste’moli bo‘yicha O‘zbekiston eng yuqori o‘rinlardan birini egallaydi.
Hisobotda ko‘rsatilishicha, aloqa va transport infratuzilmasi, axborot texnologiyalari, sayyohlik, mineral o‘g‘it ishlab chiqarish, kimyo sanoati, meva-poliz ekinlari yetishtirish va qayta tayyorlash O‘zbekiston uchun rivojlanish katalizatori bo‘lishi mumkin. Aloqa texnologiyalari bo‘yicha mamlakat oxirgi o‘rinlarda, biroq bu sohada o‘zgarish bo‘ladigan bo‘lsa, 170 millionli rus tilli bozorga chiqish uchun yaxshigina imkoniyatga ega. Kimyo sanoati mamlakat o‘zining tabiiy gazi, fosfat kaliy rudalariga egaligi tufayli rivojlanishi mumkin. Tabiiy iqlimning qulayligi meva sabzavotchilikni rivojlantirish uchun qulay imkoniyat beradi.
Shuningdek, hisobotda havo aloqasining oqsayotgani aytilib, bu eng avvalo “O‘zbekiston havo yo‘llarining” sovetcha uslubda boshqrilayotgani bilan izohlanadi. Bir korxona bir paytning o‘zida aeroport, dispetcherlik xizmati va yuk tashish xizmatlarini nazorat qilishi rivojlangan mamlakatlar tajribasida uchramaydi. Xalqaro ekspertlar tavsiyasiga ko‘ra xavfsizlik tizimini alohida tizim sifatida ajratishdi. Lekin u hamon “O‘zbekiston havo yo‘llari” tomonidan moliyalanmoqda.
O‘zbekistondagi kimyo sanoati haqida gap ketar ekan, kimyo sanoati zavodlari energiya tejovchi texnologiyalarva yangi asbob-uskunalar bilan jihozlanishi lozimligi aytiladi. O‘zbekiston kimyo va neft-gaz mahsulotlariga eksportyor bo‘lish o‘rniga import bilan ovoraligi ta’kidlanadi.
So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan islohotlar xalqaro iqtisodchilar diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb qilmoqda. 2018-yil oxiri – 2019-yil boshida xalqaro agentliklarning global kredit reytingini o‘zlashtirdi. 13-fevral kuni talab taklifdan 8,5 baravar oshib ketgan yevroobligatsiyalar chiqardi.
Izoh (0)