“Daryo” tugayotgan haftaning eng muhim yangiliklarini esga olib o‘tadi.
Speedtest Global Index internet-servisiga ko‘ra, O‘zbekiston internet tezligi bo‘yicha reytingda keskin pastlab ketdi. Mobil internet tezligi bo‘yicha O‘zbekiston 137 davlat ichida 129-o‘rinni egalladi (bu o‘tgan yildagi ko‘rsatkichdan 18 pog‘ona past). Simli internet tezligi bo‘yicha esa 177 davlat orasida 131-o‘rinda qayd etildik (o‘tgan yilgidan 23 o‘rin pastda degani).
Aytish kerakki, o‘tgan 2018-yilning noyabrida “O‘zbektelekom” AK mas’ul xodimi Yunus Kamolov shu yilning 1-dekabridan O‘zbekistonda internet tezligi 10 barobar oshishiga va’da bergan edi.
* * *
Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi hamda viloyatdagi muhim va istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. Shuningdek, Xovosda gidroponika usulidagi issiqxonani ko‘zdan kechirdi va Yangiyerda bunyod etilishi rejalashtirilgan ammiak va karbamid zavodi qurilish maydonida bo‘ldi.
* * *
Toshkent hayvonot bog‘ida safari parki va akvanarium qurilishi va Moskva hayvonot bog‘idan o‘n turdagi hayvon olib kelinishi rejalashtirilgan. Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, Toshkent hayvonot bog‘i hududi kengaytirilib, safari parki ochiladi va yangi akvanarium binosi qurilib, bu yerda dengiz hayvonlarining turlari ko‘paytiriladi.
* * *
So‘nggi vaqtda Gulnora Karimovaning farzandlari ijtimoiy tarmoqlarda faollashayotganini kuzatish mumkin. Xususan, uning qizi Imon o‘tgan haftada Instagram’ga onasi oshxonada chuchvara pishirayotgani aks ettiruvchi videoni joyladi. Ammo tasvir qachon va qayerda olingani haqida biror-bir ma’lumot yo‘q.
* * *
Toshkentda Oliy sud raisining o‘rinbosari Bahodir Dehqonov xizmat xonasida hibsga olindi. U Oliy Majlis Senati tomonidan 2017-yilning mayida besh yil muddatga Oliy sud raisining o‘rinbosari — Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga saylangandi.
* * *
Garchi ushbu voqea sharhida Xalq ta’limi vazirligi OAVni shov-shuv yaratmaslikka chaqirgan bo‘lsa-da, dayjestimizga kiritdik. Chunki maktab o‘quvchisi sumkasida to‘pponcha va o‘q-dori olib yurishi diqqat va xavotirga arzigulikdir. Toshkentda 10-sinf o‘quvchisining sumkasidan bir dona MINI UZI IWI 16C30245 raqamli glushiteli bilan birga pnevmatik avtomat, to‘rtta pnevmatik gaz ballon, bir dona pnevmatik avtomat uchun magazin, bir plastmassa idishda 1,5 mingga yaqin metall zoldir va bosh uchun niqob topilgan.
* * *
O‘zbekistonda hanuz bir ishlab, bir ishlamay kelayotgan Facebook va YouTube hafta o‘rtasida to‘satdan ochilib ketdi va hozirgacha ochiq qolmoqda. O‘zbekistonning barcha hududlarida ushbu saytlarga hozir bemalol kirish mumkin. Eslatib o‘tamiz: o‘tgan yilning sentabridan beri bu tarmoqlarga kirish qiyinlashib, aholi vpn’ga ruju qo‘ygandi. Nima sababdan ishlamagani va ishlaganiga har doimgidek biror-bir izoh yo‘q.
* * *
Toshkent shahrida qiymati qariyb 1 million dollarga teng tarixiy qimmatbaho buyumlar topildi. Aksariyati XIX asrga mansub xazina O‘zbekiston milliy universiteti tomonidan 2019-yilning 25-yanvarida 17 turdagi topilmalar Qimmatbaho metallar agentligiga vaqtincha saqlovga topshirilgan. Hozir ularning tarixiyligi va haqiqiy qiymati o‘rganilmoqda.
* * *
Tagiga olib ketgan muammolardan yana birini o‘tgan haftada davlat organi e’tirof etdi.
Bosh prokuratura Toshkent shahrida yangi mahalla markazlarini qurishda aholi roziligini olmasdan binolarni buzish va qurilish qilish holatlarini aniqladi. Tuman hokimlari tomonidan 392 ta qonunga zid qaror qabul qilingan. Xususan, Yunusobod tumanida 56 ta, Uchtepa tumanida 52 ta, Olmazor tumanida 45 ta, Mirzo Ulug‘bek tumanida 44 ta noqonuniy qaror qabul qilingan. Prokuratura fuqarolarning 29 ta murojaatini ko‘rib chiqqan va hokimlarning 15 ta qaroriga protest berib, ularni haqiqiy emas deb topish haqida sudga ariza bergan.
* * *
Abituriyentlar uchun o‘tgan hafta yoqimli va yoqimsiz yangiliklarga boy bo‘ldi. Yoqimlisi shuki, joriy yildan abituriyentlarga bir vaqtning o‘zida uchta OTMga hujjat topshirish imkoni beriladi, qolaversa, OTM soni ko‘paytirilishi rejalashtirilmoqda. Bu abituriyentlar uchun OTMning eshiklarini yanada kengroq ochishiga shubha yo‘q. Shu bilan birga, oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishda abituriyentlarga EKIH miqdorida to‘lov joriy etilgani ularni xursand qilmadi. Davlat test markazi abituriyentlardan yig‘iladigan pul nimaga sarflanishini sharhlash asnosida, mablag‘ imtihon auditoriyalarini onlayn kameralar bilan jihozlashga yo‘naltirilishini bildirdi.
Izoh (0)