Toshkent viloyati hududida 2018-yilda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqish sabab va shart-sharoitlari tizimli ravishda kompleks tahlil qilindi. Aniqlanishicha, yo‘l-transport hodisalarining qariyb 50 foizida tezlik asosiy omil bo‘lib qolmoqda, deb yozadi O‘zA.

Foto: O‘zA

Xabar berishlaricha, Toshkent viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi viloyat hududida tezlik oqibatida yo‘l-transport hodisalari salmog‘ini kamaytirish maqsadida patrul avtomobillarga yangi namunadagi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari o‘rnatmoqda.

Ushbu fotoradarlar qoidabuzarlikni real vaqt rejimida, avtomatik ravishda qayd etadi. Qoida buzgani aniqlangan avtomobil raqami, sana, vaqt va voqea joyidan iborat ma’lumotlar “O‘zbekiston pochtasi”ning ma’lumotlarni qayta ishlash markazi orqali qoidabuzarlikni sodir etgan haydovchi yoki yuridik shaxsga pochta orqali xabar beradi.

“Hozirda ushbu fotoradarlar test rejimida ishlamoqda”, — deyiladi xabarda.