Bundan 20 yil muqaddam yagona Yevropa oliy ta’lim hududini (European Higher Education Area) tuzish maqsadida 29 Yevropa davlati yuqori maqsadlarni oldiga qo‘ygan misli ko‘rilmagan islohotlar dasturini qabul qildi. Islohotlarning maqsadi Yevropa davlatlari oliy ta’lim tizimlarini uyg‘unlashtirish, talabalarning mintaqa bo‘ylab ko‘chib yurish va ishga joylashish imkoniyatlarini yaratishga yordam berish va Yevropa olim ta’limi ko‘lami va yo‘nalishlarini oshirishdan iborat edi. Bugunga kelib 47 mamlakatni qamrab olgan Bolonya jarayoni deb atalmish ushbu islohot dasturiga keyinchalik oliy ta’lim olish imkoniyatining hamma uchun borabar bo‘lishi, talaba salohiyati va talablariga asoslangan o‘rganish va o‘z ta’lim muassasalarida sifatni kafolatlash va boshqaruvda talabalarning qatnashuvi kabi yangi g‘oyalar qo‘shildi. Jarayonning eng muhim maqsadlari qatoriga o‘quv va ilmiy darajalarni oson barobarlashtiradigan tizimni, 3 bosqichga asoslangan tizim va kredit tizimini tuzish va talaba va xodimlarning bir joydan boshqa joyga borib o‘qish va ishlarini davom ettirishlariga yo‘l ochishdan iborat. Bu haqda “Daryo” kolumnisti, “Buyuk Kelajak” guruhi eksperti, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori Azamat Akbarov fikr yuritadi.

Foto: Google Photos

Bolonya jarayoniga qo‘shilgan davlatlar Lissabon konvensiyasiga imzo chekdi. Rasman Yevropa mintaqasida oliy ta’lim natijasida berilgan Malakani tan olish haqida konvensiya deb nomlanadigan Lissabon tan olish konvensiyasi Yevropa Kengashining YuNЕSKO bilan hamkorlikda bitilgan xalqaro konvensiyasidir. 2019-yilga kelib Strasburgda joylashgan Yevropa Kengashiga a’zo barcha davlatlar ushbu konvensiyani ratifikatsiya qildi. Konvensiyani Yevropa Kengashiga a’zo bo‘lmagan Avstraliya, Belarus, Kanada, Isroil, Qozog‘iston , Qirg‘iziston, Tojikiston va Yangi Zelandiya kabi davlatlar ham ratifikatsiya qilgan. AQSh konvensiyaga imzo chekkan, biroq hali ratifikatsiya qilgani yo‘q.

Afsuski, Markaziy Osiy mamlakatlari orasida faqat O‘zbekiston va Turkmaniston Bolonya jarayoni hujjatlarini ratifikatsiya qilmagan. Albatta, 2016-yildan beri mamlakatimiz siyosiy hayotida ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi, biroq oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining oliy ta’limda sodir bo‘layotgan global o‘zgarishlar va an’analarga bo‘lgan munosabati, javobi juda passiv va sust ekanligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Vazirlikdagi mutasaddi rahbarlar ushbu hujjatlarni ratifikatsiya qilishga nega qarshilik ko‘rsatadi? Ushbu hujjatni ratifikatsiya qilish nima oqibatlarga olib keladi deb o‘ylashar ekan? Ushbu ta’lim hujjatining ijobiy va salbiy ta’sirlarini taroziga solib ko‘rishimizning imkoni bo‘lishi uchun nega uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishmaydi?

Dastavval, jarayonga a’zo mamlakatlarning oliy ta’limga mas’ul vazirliklari ber necha hujjatlarni qabul qilgan, biroq bu hujjatlar qonunan mas’uliyat yuklaydigan hujjatlar emas (odatdagi xalqaro kelishuvlar kabi). Shu sababdan Bolonya jarayoni tamoyillarini qabul qilish yoki ularni rad etish har qanday mamlakat oliy ta’lim jamoatchiligining xohishiga bog‘liq, albatta, bu yerda “xalqaro standart va nufuzni” ham nazardan chetda qoldirmaslik lozim.

Shuningdek, Yevropaning juda qadrlanadigan xususiyatlaridan biri mintaqadagi xilma-xillik, birlik va yaxlitlik orasidagi muvozanatdir. Shu asnoda Bolonya jarayoni odamlar bir ta’lim tizimi yoki mamlakatdan boshqasiga o‘tishi, faoliyat yuritishini osonlashtirish uchun ko‘priklar qurishga harakat qiladi. Yevropa qit’asida amalga oshirilayotgan jarayon bo‘lishidan tashqari, bu jarayon Yevropa mamlakatlarida ta’lim olishda ko‘proq erkinliklar paydo qilishga imkon yaratadi.

Bolonya jarayoni quyidagi imkoniyatlarni beradi:

  • O‘quv dasturlarini tuzish va talabalar tahsil olish yo‘llarini tuzishda ko‘proq erkinliklar;
  • Yevropa kredit to‘plash va ularni o‘tkazish tizimini (ECTS) joriy qilish;
  • Talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilar uchun milliy va Yevropa universitetlariga borib/o‘tib tahsil olish, ishlash, tadqiqot olib borish borasida ko‘proq imkoniyatlar;
  • Olingan ixtisos/kvalifikatsiyani ta’lim doirasi va kasbiy sohada tan olinishini ta’minlash uchun diplom Ilovasi berish;
  • Yevropa oliy ta’lim hududini tuzish jarayonida qatnashuvchi ko‘plab mamlakatlarda diplomlar tan olinishi uchun oliy ta’lim tuzilmalarini standartizatsiya qilish va umumiy ko‘nikma-malakalar doirasini qabul qilish;
  • Ixtisos/kvalifikasyalarning tan olinishi;
  • Sifatni kafolatlash: umumiy standartlar va umumiy tartibotlar ishlab chiqish;
  • Avtonom muassasalar;
  • Talabalar qatnashuvi: oliy ta’lim boshqaruvida ular to‘laqonli hamkorlar sifatida tan olinishi;
  • Oliy ta’lim uchun ijtimoiy javobgarlik.

Men ushbu tizimga to‘siqsiz soha deb tarif beraman va ushbu maqolada bu tizimning ishlashidagi muhim mexanizmga e’tibor qaratmoqchiman.

Bolonya jarayoni asosida Yevropaning turli milliy ta’lim tizimlarini shaffof va bir-biriga mos keladigan holga keltirish maqsadi yotadi. Bugungi kunda uning eng ko‘zga tashlanadigan yutug‘i oliy ta’lim tizimlarini 3 o‘quv bosqichigacha standartlashtirish bo‘ldi: 3 yoki 4 yillik bakalavr darajasi ta’limi, 1 yoki 2 yillik magistrlik ta’limi va doktorlik (PhD) ilmiy unvoni olish bosqichi. Bolonya jarayoni boshlanishidan oldin har bir mamlakatning o‘z yondashuvi bor edi: ba’zi mamlakatlarda birinchi bosqich, masalan, boshqalarga qaraganda ko‘proq vaqt talab qilar edi.

Talabalarning boshqa joylarga borib tahsil olish imkoniyatini oshirish maqsadida Bolonya jarayoni Yevropa kredit to‘plash va ularni o‘tkazish tizimini (ECTS) keng joriy qilishga olib keldi. ECTS daraja kreditlarini joriy qiladi, ularni o‘rganishning kengroq shakllaridan olishga imkon beradi (dissertatsiya ishi, laboratoriya loyihalari, diplooldi amaliyot ishlari va hokazo) — va dasturlar orasida moslashuvchanlik, sharoitga qarab ish tutish imkoniyatlarini oshirishi va olingan kreditlarni boshqa dasturlar va muassasalar tizimga o‘tkazish imkonini berishi lozim.

Shuningdek, Bolonya jarayoni har bir ta’lim bosqichi uchun muayyan tahsil natijalari ko‘lamini belgilaydi va oliy ta’lim sifatini kafolatlash uchun talabaning boshqaruvda qatnashuvini talab qiladi. Bunday o‘zgarishlar butun Yevropa bo‘ylab ko‘proq talaba ehtiyojlari va talablariga qaratilgan, jumladan ta’lim kurslariga talabalarning hisssasi qo‘shilishi va o‘quv dasturlari qarorlarini qabul qilishda talabalarning ko‘proq qatnashuvini ta’minlash, yondashuviga tomon yo‘naltirilgan madaniy o‘zgarishga olib keldi,

Doktorlik PhD ilmiy unvoni olish kurslarida o‘zgarishlar xususan tezkorlik va chuqur tarzda amalga oshirildi. Bunda Bolonya Jarayoni ko‘plab universitetlarga mavjud chuqur o‘ylanmagan PhD o‘quv dasturlari o‘rniga puxta o‘ylab tuzilgan PhD doktorlik kurslarini taklif qilishga undadi. Doktorantura ta’limi keng ko‘lamda va juda ijobiy ma’noda isloh qilindi. Endilikda ilmiy rahbarlikka ko‘proq e’tibor qaratilmoqda, va ko‘plab muassasalar eski ustoz-shogird aloqalaridan uzoqlashib, bir necha ilmiy rahbar bilan ishlash tizimi tomonga o‘tib bormoqda.

Munozaraga sabab bo‘ladigan akademik daraja

Bolonya jarayonida Doctor of Science (DS) darajasi yo‘q. Hozirgi paytda bizda juda murakkab va sobiq sovet an’anasiga xos, juda ham ko‘p kelishmovchilik keltirib chiqaradigan tizim mavjud. Men so‘nggi yillarda Doctor of Science darajasini olgan odamlarning sonining avvalgi yillardagi nisbatan foizi oshib borayotganligini sezdim, ammo bu universitetning reytingi uchun minimum ta’sir ko‘rsatmoqda va u jamiyatga ham minimum naf keltirmoqda, chunki ko‘plab PhD yoki DS doktorlik dissertatsiyalari yangilik yaratishdan juda uzoqda. Men PhD va DS tadqiqotlarini birlashtirib, ilmiy darajalarga bo‘lgan talablarni kuchaytirish va joriy etishni taklif qilaman, shundan keyingina oliy ta’limda yangi o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Hech bo‘lmasa G‘arbdan yordam so‘ramasdan, bu masalalarni qo‘shnilarimiz qanday usullar bilan hal qilayotganlarini tanlasak ham bo‘ladi. Rivojlangan dunyo mamlakatlarining aksariyati, hatto Afg‘oniston yoki Qozog‘iston kabi qo‘shnilarimiz (2010-yilda) ham bu tizimni oliy ta’lim tizimiga kiritdi. Bizda dotsent va professor lavozim tarzda berilishi mumkin, chet elda esa bu unvon. Yanada qizig‘i, ham “tayanch doktorantura” hamda “fan doktori” uchun o‘qigan shaxsga, ya’ni ikkalasiga ham “doktorant” iborasini ishlatamiz.

Qo‘shma Shtatlarda rasman tan olingan an’anaviy fan doktori ilmiy tadqiqot universitetlari tomonidan berilgan ilmiy tadqiqot doktorlik darajasidir. Fan doktorlari kabi ilmiy tadqiqotlar (ScD yoki DSc) AQSh Ta’lim vazirligi va Milliy ilmiy fondi tomonidan ko‘proq beriladigan PhD darajasiga teng deb hisoblanadi. Shuningdek, Yevropada, masalan, Germaniya va Avstriyada fan doktori darajasi PhD darajasiga teng. Xitoyda, Yaponiyada va Koreyada DS AQShdagi fan doktori — PhD darajasiga teng. Xo‘sh, bizning eng yuqori oliy ilmiy darajamiz hali ham g‘arbning PhD’ga teng ekan, nega unda biz fan doktorini saqlashimiz kerak?

Ilgari aytib o‘tganimdek, biz PhD va FD (DS) darajalarini birlashtirib, “yordamchi professor”, “uyushgan professor” va “professor” unvonlarini joriy qilib, ularni olish shartlarini kuchaytirishimiz kerak. Undan keyin, QS reytingida 220 o‘rinda turgan avvalgi men o‘zim ishlagan universitet — Olmaotadagi Qozog‘iston milliy universitetiga qarshi raqobat qila olishimiz mumkin. Bizning yetakchi O‘zbekiston milliy universitetining reytinglarda qanday o‘rin egallaganini tasavvur qila olasizmi? Afsuski, Webometrics reytingiga ko‘ra, u dunyoda 4761-o‘rinda. Biz fan doktorini ishlab chiqarishni to‘xtatishimiz va uni PhD bilan birlashtirishimiz kerak, PhD unvoni shartlarni kuchaytirish, keyinchalik professorlarning ilmiy kompetensiyasi/salohiyatiga e’tiborni qaratishimiz kerak

Bolonya jarayoni va O‘zbekiston milliy qonunchiligi

Bolonya deklaratsiya niyatlar bayonoti edi. Yevropa oliy ta’lim hududi g‘oyasini amalda tadbiq qilish uchun, O‘zbekistonda parlament qarorlari qabul qilinishi lozim, bizning oliy ta’lim sohasidagi milliy qonunlarimiz o‘zgarishi lozim:

- Universitetlar avtonom maqomga ega bo‘lishi lozim;

- Talabalar oliy ta’lim jamoatchiligining to‘laqonli a’zolari bo‘lishi lozim;

- Ta’lim darajalari berish tizimi uch asosiy bosqichlarga asoslangan bo‘lishi lozim;

- Mustaqil milliy sifatni kafolatlash tizimlari (quality assurance) joriy qilinishi lozim;

- Talabalar va o‘qituvchi, olimlarning boshqa joylarga erkin borib tahsil olishi va ishlashi uchun to‘siqlar bartaraf qilinishi lozim.

Kengroq qilib aytsak, O‘zbekistonda qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim. Shu asnoda O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi taklif qilingan, judayam zarur bo‘lgan islohotlarga yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan, Bolonya jarayonini tadbiq qilish imkonini beradigan umumiy qonun loyihasini joriy qilishni tashkil qilishning uddasidan chiqmadi. Oldimizda turgan masala Yevropa oliy ta’lim hududini rasmiylashtirish lozim yoki lozim emasligi. Lissabon tan olish konvensiyasi modeli asosida tuzilgan konvensiya masala yechimining bir ko‘rinishi bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lsa ham, bir kun kelib Yevropa oliy ta’lim hududi voqelikka aylanadi va O‘zbekistonda bu ish no’malum sabablarga ko‘ra to‘xtab qolmaydi deb ishonaman.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.