Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani Guliston mahallasida yashovchi, 1995-yilda tug‘ilgan fuqaro A.I. mahalladoshi fuqaro D.M.ni aldab, uning o‘g‘li Sh.R.ni Samarqand davlat universitetining jismoniy madaniyat fakultetiga o‘qishga kiritishni va’da qilib ishonchiga kirgan. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda, deb yozadi O‘zA.
Bu “ko‘mak” uchun A.I. D.M.dan 2018-yilning iyun, iyul oylarida 2 ming 700 AQSh dollari va 13 million 200 ming so‘m pullarini olgan. Biroq kelishilganidek va’da bajarilmagan. Sh.R. o‘qishga kiritilmagan, pullar ham qaytarilmagan.
Shundan so‘ng, joriy yilning 19-fevral kuni fuqaro D.M. Pastdarg‘om tumani ichki ishlar bo‘limiga murojaat qiladi. Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan A.I.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)