Germaniyaning Myunxen shahrida bo‘lib o‘tgan sayyohlik ko‘rgazmasida mashhur Volkswagen T2 furgonining Lego bo‘lakchalaridan yasalgan to‘liq o‘lchamli nusxasi taqdim etildi. Bu haqda TJournal xabar berdi.
Furgon nusxasini maxsus sertifikatga ega Lego modelisti Rene Xoffmayster va uning sherigi Paskal Lenxard yig‘gan. Modelning og‘irligi 700 kilogramm. Uni qurishga olti hafta vaqt ketgan. Avtomobilning saloni, jumladan uning radiosi va idish-tovoqlari ham Lego’dan yasalgan. G‘ildirak esa haqiqiy.
Furgonning tomi ko‘tariladi hamda eshigi surib ochiladi. Ranglardagi mutanosiblik 1960-yillardagi urfga xos.
Avtomobilning uzunligi besh metrni, kengligi 1,9 metrni hamda balandligi roppa-rosa ikki metrni tashkil etadi. Nusxani yaratish uchun ustalarga 400 ming Lego bo‘lakchasi kerak bo‘lgan. Shundan 20 ming bo‘lakcha oynani yasash uchun ketgan.
Xoffmayster va Lenxard ushbu furgon bilan Lego Master Builders jamoasidan o‘zib ketgan. Jamoa 2018-yil yanvar oyida 335 ming konstruktor bo‘lakchasidan Chevrolet Silverado nusxasini yaratgan edi. Lekin furgon ustalariga Lego Power Function motoriga ega Bugatti Chiron sport mashinasini yasagan rasmiy Lego jamoasining rekordini yangilash nasib etmagan. Kompaniya hatto Bugatti nusxasini to‘qqiz metrli to‘g‘ri yo‘lda 20 kilometr/soatgacha tezlashtirishga muvaffaq bo‘lgan edi.