Toshkent shahri patrul post xizmati shaxsiy tarkibi hamda odam savdosi bilan noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan 4-fevraldan 15-fevralga qadar “Oriyat” tadbirlari o‘tkazildi. Tadbir davomida 187 nafar fohishalik bilan shug‘ullanayotgan ayollar qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB multimedia markazi lavha tayyorladi, deb yozadi UZ24.

Foto: Mover

Yengil hayot tarzini o‘zlariga kasb qilib olgan ayollar pul topishning oson yo‘lini tanlashgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, halol mehnat ortidan keladigan mablag‘ moddiy ehtiyojlariga yetmaydi:

– Pulga qiziqib, shu yo‘lga kirdim ...

– Fohishalik qilib oson pul topaman deb o‘ylagandim ...

– Bu ishni oxiri o‘limliginiyam bilaman. O‘lganimda tashlamasam, undan oldin tashlolmiman ...

– Ishladim, eplolmadim. Kvartiraga topsam kiyimimga, kiyimga topsam yeb-ichishimga pul yetmasdi ...

– Sexda ishlaganman, oyligi yetmagan ...

– Boshqa nima ish qilib pul topaman, oson yo‘l bilanda ...

– Ko‘chada qizlarni ko‘ryapman, ularga o‘xshab kiyingim keladi ...

– Ota-onam, aka-ukam yo‘q yordam beradigan. Uysizman, oilaviy sharoitim juda og‘ir ...

– Men bola boqishim kerak. Ham otaman, ham onaman bolamga ...

– 2-sinfda o‘qiydigan farzandim bor, qiynalganman ...

Fohishalikni kasb qilgan bu ayollar orasida hatto homilador holatida spirtli ichimlik ta’sirida ko‘chada mijoz qidirayotganlarni ham uchratish mumkin. Ushbu ayollarning aksariyati oldin ham shu ish bilan shug‘ullangani bois ma’muriy javobgarlikka tortilgan, ta’kidlanadi lavhada.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida ichki ishlar bo‘limlariga keltirilgan fohishalikda gumondor ayollar shaxsiga aniqlik kiritilib, ular tibbiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Bu ayollarga ishga joylashish, turar-joy masalasi, shuningdek, qarindoshlari bilan yuzaga kelgan tushunmovchiliklar yuzasidan yarashtirish bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.