O‘zbekiston Milliy universitetida Janubiy Koreyaning Taekvondoni targ‘ib qilish jamg‘armasi vakillari kutib olindi. Bu haqda “Daryo”ga O‘zMU matbuot xizmati ma’lum qildi.
Universitet rahbariyati jamg‘arma raisi Sang Vuk Li, ilmiy tadqiqot idorasi menejerlari Kim Xyun-Vu, Kang Seuk Kim hamda taekvondo ta’limi targ‘ibot fondi vakili Jung So Lim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad – yangi fakultetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, taekvondo sport turi bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha zarur imkoniyatlar yaratish, hamda fakultet talabalarining Janubiy Koreyaga 1 oylik o‘quv kursiga borib kelishini ta’minlashdan iborat.
Uchrashuv davomida jamg‘arma raisi Sang Vuk Liga “O‘zbekiston Milliy universiteti faxriy doktori” unvoni berildi.
“Biz qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ayamaymiz. O‘zbekiston va Koreya o‘rasidagi ta’limiy aloqalarni yuqori bosqichga ko‘tarishga harakat qilamiz. Universitetingizda taekvondo sport turini o‘rganishga qaratilgan fakultet ochilganiga ko‘p bo‘lmadi. Shu sabab, bu yo‘nalishni rivojlantirishga qaratilgan ilg‘or texnologiyalar va mexanizmlarni qo‘llash juda muhim”, – dedi jamg‘arma raisi Sang Vuk Li.
Uchrashuv so‘nggida ikki tomon o‘rtasida manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishni ko‘zda tutuvchi memorandum imzolandi.
Izoh (0)