Kanzas universiteti mutaxassislari Janubiy Koreyada qorong‘ida ko‘zlari hali ham yonib turadigan 110 million yoshli o‘rgimchak qoldiqlarini topdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.
Izlanishlar davomida olimlar yetti xil turdagi o‘nta o‘rgimchak qoldig‘ini topgan. Ammo ulardan faqat ikkitasi olimlar e’tiborini tortgan: deyarli toshga aylangan o‘rgimchakning ko‘zlari qorong‘uda hali ham yongan.
Bu hol tapetum, ya’ni ko‘zning yorug‘likni qaytaradigan qatlami bilan bog‘liq, deyiladi xabarda. Tapetum tungi ko‘rish qobiliyatini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Odamlarda tapetum bo‘lmaydi. Lekin ko‘p hayvonlarda uchraydi. Aynan tapetum sabab tunda mushuklarning ko‘zlari yonadi. Bundan tashqari, ko‘poyoqli hasharotlarda, qisqichbaqasimonlarda va baliqlarda ham bo‘ladi.