Bo‘stonliq tumaniga olib boruvchi avtomobil yo‘liga o‘rnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali 16—17-fevral kuni 800 dan ortiq tezlikni oshirish qoidabuzarligi aniqlandi. Bu haqda “Daryo”ga Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 2 kun davomida qoidabuzarliklar viloyatlar kesimida: Toshkent shahridan 383 ta, Toshkent viloyatidan 284 ta va Respublikaning boshqa viloyatlaridan 138 ta haydovchi tomonidan sodir etilgan.
Toshkent shahrini Bo‘stonliq va Parkent tumanlari bilan bog‘lovchi 4R12 “Bektemir—Chirchiq—G‘azalkent-Chorvoq” yo‘lida maxsus avtomatlashtirilgan, onlayn rejimda ishlaydigan foto va video qayd etish texnika vositalari o‘rnatilgan.
Shuningdek, ushbu yo‘lda yangi turdagi ko‘chma fotoradar ham ish boshladi. Ko‘chma fotoradar real vaqt rejimida avtomatik ravishda qoidabuzarlikni qayd etib, simsiz aloqa orqali avtomobil raqami, sana, vaqt va voqea joyidan iborat bo‘lgan ma’lumotlarni “O‘zbekiston pochtasi”ga jo‘natadi.
Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi esa, qoidabuzarlikni sodir etgan haydovchiga belgilangan jarima haqidagi ma’lumotni uning manziliga pochta orqali jo‘natadi.
Izoh (0)